Shahar telefon tarmog’i

Shahar telefon tarmog’i – muayyan shahar hududida joylashgan abonentlar (aholi, korxona va muassasalar) orasida, shuningdek, boshqa shaharlar bilan telefon aloqa o’rnatishni ta’minlovchi telefon stansiyalari va liniya qurilmalari majmui. Shahar telefon stansiyasi, boshqa stansiyalar, abonent liniyalari, telefon apparatlarini o’zaro ulovchi liniyalardan iborat. Shahar telefon tarmog’i guruhlashtirilmagan (agar shaharda bitta stansiya bo’lsa) va guruhlashtirilgan (bir nechta stansiya bo’lsa) bo’ladi. Shahar telefon tarmog’i tizimiga korxona yoki muassasalarga xizmat ko’rsatuvchi kommutator qurilmalari ham kiradi. Kichik hajmli (bir necha ming nomerli) guruhlashtirilgan Shahar telefon tarmog’ida har bir guruh (tuman) avtomat telefon stansiyalari (tats) o’zaro ulanadi va har qaysi Tats shaharlararo avtomatik telefon stansiya (ShATS) ga chiqish liniyasi orqali ulanadi. O’zbekistonda Toshkent (Toshkent telegraf-telefon stansiyasi) va Nukus shahrilarida, barcha viloyatlar markazlarida Shahar telefon tarmog’i mavjud. Ularning faoliyatini “O’zbektelekom” aktsiyadorlik kompaniyasi boshqarib turadi.