Shahrisabz

Shahrisabz — Qashqadaryo viloyatidagi shahar. Shahrisabz tumani ma’muriy markazi (1926 yildan). Kitob—Shahrisabz vohasida. Katta O’zbekiston trakti yoqasida joylashgan. Shahrisabz Janubdan Tanxozdaryo, shim.dan Oqsuv daryosi oqib o’tadi. O’rtacha balandligi 658 metr. Aholisi 90 ming kishi (2004). Shahrisabz O’zbekistondagi qadimiy shaharlardan biri. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, shaharga miloddan avvalgi 1 ming yillikning o’rtalarida asos solingan. Shahrisabz milodiy boshlarida va ilk o’rta asrlarda turli nomlar bilan atalgan. 13-asrdan Shahrisabz nomi ham urf bo’lgan. Mo’g’ullar istilosi davrida shahar tarixi yozma manbalarda deyarli yoritilmagan. 1351 yilda zarb etilgan kumush tangalarda “Shahrisabz” nomi uchraydi. Sharafuddin Ali Yazdiy (15-asr) shahar to’g’risida: “Shahrisabz, uni turkiylar Kesh deb ataydilar” deb yozgan. Shahrisabz yaqinidagi Xoja ilgor qishlog’i (hozirgi Yakkabog’ tumani hududi)da Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan. Shahrisabz o’sha davrda “Qubbatulilm valadab” nomi bilan yuritilgan. Xusrav Dehlaviy, Bedil, Mirzo g’olib kabi allomalarning Ota-bobolari Shahrisabzda tug’ilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida Shahrisabz ulkan saltanatning yirik shahriga, barlos beklarining yozgi qarorgohiga aylantirilgan. Oqsaroy va dor ussiyodat majmuasi qurilgan. Shahar atrofi qal’a devori bilan o’rab olingan. Ispaniya elchisi Klavixo o’z qundaligida Shahrisabzda ko’plab mahobatli binolar va masjidlar borligini va qurilayotganligini ta’kidlaydi. Keyinroq ham ko’plab me’moriy obidalar (dor uttilovat majmuasi, ko’k gumbaz masjidi va boshqalar) qurildi. Hofizi Abru shaharda ko’hna devor (bandi qadim) bo’lganligi, biroq u 15-asr boshlarida buzilib ketganligini ham yozadi. O’sha paytda Shahrisabzning 4 darvozasi: Ark (shimol), Kunchiqar (Sharqiy), kushxona (g’arbiy), Termiz (Janub) darvozalari bo’lgan. 1556 yilda Shahrisabzni Abdullaxon II egallagan. Keyinchalik Shahrisabz Buxoro xonligining Qarshi viloyati tarkibida bo’lib kelgan. 16-asr o’rtalarida ham Shahrisabz mustahkam mudofaa devorlari bilan o’ralgan edi. Mahmud ibn Vali (17-asr) o’zining “Bahr alasror” (“sirlar dengizi” — “Geografiya”) asarida Shahrisabzni quyidagicha ta’riflagan: “Kesh — Movarounnahr shaharlaridan biri, yamyashil bog’lari va ko’zga quvonch baxsh etuvchi gulzorlari tufayli u hozir Shahrisabz nomi bilan Shuhrat topgan. U jahondagi eng chiroyli shaharlardan biri hisoblanadi; iqlimi juda yaxshi va diltortar…”. Ashtarxoniylar davrida Shahrisabz siyosiy mavqeini ancha yo’qotgyn. Shahrisabzda hokimiyat uchun kurashda avval mang’itlar, so’ngra qo’ng’irotlar urug’i g’olib chiqib markaziy hokimiyat — Buxoro xonligini tan olmaslikka urinishgan. 18-asr 1-choragida Dashti Qipchoq qozoqlari Zarafshon va Qashqadaryo vohalariga talonchilik hujumlari uyushtirganda Shahrisabzda bir necha muddat shahar hayoti izdan chiqqan. 1750-52 yillardan Shahrisabz Buxoro amirligi tasarrufiga o’tdi. 18-asr o’rtalarida shahar qaytadan qad rostlagan. Shahrisabz hokimi Bobobek, kitob begi Jo’rabek, Amir Muzaffarning katta o’g’li Abdulmalik (katta to’ra) boshchiligida katta qo’shin bilan 1868 yilda ruslar bosib olgan Samarqand shahrini qaytarib olish uchun otlanishgan, ammo chekinishga majbur bo’lganlar. 1870 yil avgustda Turkiston gubernatori K.P. Kaufmannig buyrug’i bilan general Abramov qo’mondonligidagi maxsus qo’shin Shahrisabz va Kitobni bosib olgan. Biroq rus qo’shini qo’mondonligi Shahrisabz va kitobni Buxoro amiri tayinlagan beklarga topshirib, Samarqandga qaytishgan. Shahrisabz 1920 yilgacha Buxoro xonligi tarkibida bo’lgan. Shahrisabz aholisining asosiy qismi savdosotiq va hunarmandchilik bilan shug’ullangan. 18— 19-asrlarda Shahrisabzda 6 darvoza, 7 karvonsaroy va 6 ta madrasa, bir nechta bozor, shahar tashqarisida Namozgoh masjidi bor edi. 20-asr o’rtalarida Shahrisabzda “hujum”, badiiy buyumlar, tikuvchilik, keyinroq pillakashlik fkalari ishlay boshladi. 1930-40 yillarda Shahrisabzdagi tarixiy yodgorliklarning ahvoli achinarli holda bo’lgan, ulardan omborxona, turar joy va boshqalar maqsadlarda foydalanilgan. Shahrisabz va uning tarixiy madaniy merosi ataylab keng doirada targ’ib qilinmagan. Mustaqillik yillarida Shahrisabz qiyofasi tubdan o’zgardi. Shahar markazi qayta qurildi. 1996 yilda shahar maydoni 2460 gektarga kengaygan. Shahrisabzdagi eng katta maydon — Amir Temur maydoni. Shahar markazidan eng katta Ipak yo’li ko’chasi o’tadi. 11 ta yirik sanoat korxonasi (shu jumladan, “hujum” badiiy buyumlar fabrikasi, “Sado” trikotaj fabrikasi, “konserva” va “sharob” aktsiyadorlik jamiyatlari, to’qimachilik, pillachilik fabrikalari va boshqalar), 8 qo’shma korxona (shu jumladan, O’zbekiston—Buyuk Britaniya “Mevalar kamalagi”; O’zbekiston—AQSh “Shahinterneshnl”; O’zbekiston—Rossiya “Kompasqoqsuv”; O’zbekiston—Turkiya “shahri Kesh”; O’zbekiston—Turkiya— Yaponiya “Oqsaroy To’qimachi LTD” va boshqalar), kichik, o’rta biznes sub’yektlari faoliyat ko’rsatadi. Savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. Buxoro oziqovqat va yengil sanoat texnologiyasi intining umumtexnika fakulteti, kasb-hunar kolleji va akademik liseylar ishlab turibdi. 10 ta jamoat kutubxonasi, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, teatr, tarix va moddiy madaniyat muzeyi, 3 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 2 ta bolalar sport maktabi bor. 3 ta tennis korti, 3 ta suzish havzasi, stadion, 18 ta sport zali mavjud. Markaziy kasalxona (1050 o’rin), yangi jarrohlik markazi aholiga xizmat ko’rsatadi. Temir yo’l vokzali, avtovokzal, aeroport ishlab turibdi. “Keshg va “Shahrisabz” mehmonxonalari bor. Shahrisabzda Amir Temurning ulug’vor haykali (haykaltaroshlar: Ilhom va Kamol Jabborovlar, me’mor Botir Usmonov) o’rnatilgan (1996). Shahrisabz zaminida bir qancha olim va ulamolar, shoirlar voyaga yetgan, jumladan, Abu Muhammad Keshiy (964 yil vafot etgan), Abu Ja’far Keshiy (951 yil vafot etgan), Abul Fazoil Keshiy (12-asr), Shamsuddin Kulol (Amir Temurning piri) va boshqalar Shahrisabzda 20 ga yaqin tarixiy me’moriy yodgorlik saqlanib qolgan. Temuriylar davrida qurilgan Oqsaroy qasrining peshtoq devori, dor ussiyodat va dor uttilovat majmualari, ko’k gumbaz masjidi, gumbazi Sayidon, Shamsuddin Kulol maqbarasi, Jahongir maqbarasi, Hazrati Imom masjidi, shuningdek, Chorsu bozori (16-asr), Chubin madrasasi (16-asr), Abdushukur Og’aliq (19-asr), Eshonpir (19-asr), Kunduzak masjidlari kabi me’moriy obidalar saqlanib qolgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002 yil 29 martda Shahrisabzning 2700 yillik yubileyini nishonlash to’g’risida qaror qabul qilindi. Ushbu yubiley butun mamlakatimizda va Shahrisabzda keng nishonlandi. Bu tantanalarda YUNESKO vakillari ham qatnashdi. Shahrisabz Jahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan (2002 yil dek.). Shaharda ko’plab anjumanlar va konferentsiyalar o’tkaziladi. Shahrisabz ahlining Temuriylar davri ulkan madaniy va ma’naviy merosi, noyob tarixiy yodgorliklarini asrab-avaylash, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari qilib tarbiyalash va ularni ozod mamlakatimiz buyuk istiqbolini yaratishga qodir kishilar qilib voyaga yetkazish ishiga qo’shgan alohida xizmatlari e’tiborga olinib hamda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati Shahrisabz “Amir Temur ordeni” bilan mukofotlandi (1996 yil oktyabr). Ad.: Shahrisabz — ming yillar merosi, T., 2002; Shahrisabz shahrining jahon tarixida tutgan o’rni, T., 2002; Qadimiy Kesh— Shahrisabz tarixidan lavhalar, T., 1998; Yaqubov B., Shahrisabz va kitob tarixidan, qarshi, 1996; Nosir Muhammad, Nasaf va Kesh allomalari, T., 2001. Qahramon Rajabov.