Shahrisabz tumani

Shahrisabz tumani – Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Shimoldan Kitob tumani, sharqdan Tojikiston, Surxondaryo viloyati, Janubdan Yakkabog’, Qamashi, g’arbdan Chiroqchi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,70 ming km2. Aholisi 272,4 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Shahrisabz): 1 shaharcha (Miroqi), 12 ta qishloq fuqarolar yig’ini (Dukchi, Kunchiqar, Mo’minobod, Na’maton, Oqsuv, To’damaydon, Xitoy, Shakarteri, Shamaton, O’zbekiston, Qutchi, Hisorak) bor. Markazi — Shahrisabz shahri Tabiati. Tuman hududi Qashqadaryo viloyatining shim.Sharqiy qismida, Hisor tog’larining etaklarida joylashgan. Tumanning g’arbi ochiq voha — qarshi cho’liga tutashib ketadigan tekislikdan iborat. Tog’lardan oqib tushadigan Oqsuv, Qashqadaryo, Tanxozdaryo, Qizildaryo, Tamshush, Miroqi daryolari jarliklar hosil qilgan. Miroqi tog’ etaklaridan qora marmar qazib olinadi. Iqlimi kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 14,7°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0,8°, eng past temperatura -26°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28°, eng yuqori temperatura 43°. Yiliga 545 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri — 219 kun. Tuproqlari bo’z, jigarrang va qo’ng’ir tog’o’rmon tuproqlari. Yovvoyi o’simliklardan qo’ng’irbosh, rang, shuvoq, oqquray, pashmak, sho’ra, bug’doyiq, kovrak, qarg’aoyoq, qamish, yulg’un, yantoq, tog’ yon bag’irlarida archa, do’lana, tog’olcha, chinor o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan qobon, bo’ri, ayiq, jayran, qo’shoyoq, yumronqoziq, jayra va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 160,2 kishi. Shahar aholisi 98 ming, qishloq aholisi 174,4 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Shahrisabz tumanida 9 qo’shma korxona, kichik korxonalar, 1300 ga yaqin xususiy korxona, 14 shirkat korxonasi, 19 aktsiyadorlik jamiyati mavjud. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i paxtachilik. Shuningdek, g’allachilik, chorvachilik, pillachilik ham rivojlangan. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 18 ming gektar, shu jumladan, 5,8 ming gektar yerga paxta, 2,0 ming gektar yerga sabzavot va poliz, 2,0 ming gektar yerga beda, 0,3 ming gektar yerga kartoshka ekiladi. 3,4 ming gektar yer bog’. Tumanda 12 shirkat xo’jaligi, 4 ta xo’jaliklararo korxona, 478 ta fermer xo’jaligi bor (2004). Hisorak suv ombori qurilgan. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 52,7 ming qoramol, 51,6 ming qo’y va echki, 800 dan ziyod yilqi, 177,5 ming parranda boqiladi. 2003/04 o’quv yilida 109 ta umumiy ta’lim maktabida 69 ming o’quvchi ta’lim olgan. Tuman hududida 11 ta klub, 11 ta madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, muzey, 60 kutubxona tarmog’i, 2 stadion mavjud. Tumandagi 14 ta kasalxona, 8 poliklinika, 18 ta qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 13 qishloq vrachlik punktida 775 vrach, 3,5 ming o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududi orqali Toshkent—Kitob poyezdi o’tadi. Shahrisabz bilan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz, Denov o’rtasida va Shahrisabz bilan Hazora, Shamaton, Qoraloycha qishloqlari orasida avtobuslar qatnaydi. Tumandagi asosiy me’moriy yodgorliklar Shahrisabzda joylashgan. 1931 yildan tuman “Kesh” gazeta nashr etiladi (adadi 2182). Qahramon Rajabov, Alisher Vasiyev.