Shakarpalak
Shakarpalak — o’rtapishar qovun navi. O’zbekiston sabzavot, poliz va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutida Farg’ona vodiysining mahalliy navidan yakka tanlash usuli bilan yaratilgan (bu navning P.N. Dudko tomonidan yaxshilangan oq Shakarpalak 554 va K.I. Pangalo va M.K. Goldgauzen tomonidan yaxshilangan qizil Shakarpalak xillari bor). Mevasi uzun tuxumsimon, o’rtacha kattalikda, uzunligi 26-32 santimetr, og’irligi 2-4 kilogramm. Sirti tekis, to’ri yirik katakli, o’rtacha dag’al. Rangi och yashil. Po’sti qattiq, etining qalinligi 4-4,5 santimetr, oq, muloyim, qarsillaydi, juda shirin, xushbo’y, tarkibida 8-14% qand, 10-17% quruq modda bor. Urug’i unib chiqqanidan keyin hosili 75-90 kunda pishadi. Hosildorligi 200-250 ts/ga. Fuzarioz (oqpalak) kasalligiga nisbatan chidamli. Tashishga va uzoq joylarga yuborishga yaroqli. 1948 yilda davlat reyestriga kiritilgan. O’rtapishar navlar orasida eng yaxshi saklanadi, sifatli qoqi olinadi. Andijon, Farg’ona, Sirdaryo, Jizzax, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ekiladi. Abdulaziz Abbosov.