Shanxay
Shanxay — Xitoydagi shahar. Yantszi daryosi estuariysida, uning o’ng irmog’i — Xuanpu daryosi bo’yida joylashgan. Mamlakatning aholisi eng ko’p shaxri, dunyo bo’yicha ham oldingi o’rinlarda. Atrofidagi hududlar bilan alohida ma’muriy birlik sifatida ajratilgan. Aholisi 13,1 million kishi (1998). Shanxay — Xitoyning yirik sanoat, transport va savdo markazi. Yirik dengiz va daryo porti, mamlakat tashqi yuklarining yarmidan ortig’i shu port orqali o’tadi. Temir yo’l, avtomobil yo’llarining muhim chorrahasi. Mamlakatda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotining deyarli 15% Shanxayga to’g’ri keladi. Sanoat yalpi mahsulotining 50% ni og’ir sanoat beradi. Mashinasozlik sanoati rivojlangan: elektroenergetika, neft, to’qimachilik, konchilik, poligrafiya, qog’oz va oziqovqat sanoatlari uchun jihozlar, elektr jihozlari, radio va elektronika apparaturalari, avtomobillar, dengiz kemalari, stanoklar, kino va fotoapparatlar, soat va boshqalar ishlab chiqariladi. Tashqaridan keltiriladigan xom ashyo hisobiga kimyo sanoati (mineral o’g’itlar, kislotalar, plastmassa, sintetik smola, rezina, farmasevtika buyumlari ishlab chiqarish) rivoj topgan. Neft qayta ishlanadi. Jahondagi eng yirik to’qimachilik sanoati markazlaridan. Oziqovqat, xususan, tamaki sanoati korxonalari ishlab turibdi. Hunarmandchilikda suyak, yog’och o’ymakorligi, tosh va metall buyumlar yasash, kashtachilik va to’qimachilik rivojlangan. Yirik nashriyotlar, universitetlar, pedagogika institutlari, Xitoy Fanlar Akademiyasi filiali, ilmiy tadqiqot muassasalari, ilmiy jamiyatlar, rasadxona, kutubxonalar, muzeylar bor. Shaharning Markaziy qismi va asosiy sanoat rayonlari Xuanpu daryosining chap sohilida. Markazdan Janub tomon shaharning tarixiy negizi hisoblangan qismi — Nandaoda me’moriy yodgorliklar, shuningdek, hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan. Shanxay o’rnida qadimda baliqchilar otlog’i bo’lgan. 16-asrdan savdo va hunarmandchilik markazi. 1842 yildan Nankin shartnomasiga muvofiq, xorijiy savdo uchun ochiq deb e’lon qilingan. 1854 yildan Bukj Britaniya, AQSh va Frantsiya egallab olib, 1937 yilgacha shahar bojxonasini boshqarganlar. 19-asrning 2-yarmidan mamlakatning yirik sanoat va savdo markaziga aylanib bordi. 1937-45 yillarda Yaponiya qo’shinlari bosib olgan. Shaxar markazidagi binolar Yevropa me’morligi va milliy an’anaviy uslublar uyg’unligida qurilgan. Me’moriy yodgorlikdardan (16-19-asrlarga oid Linxua pagodasi, Chenxuanmyao va Yuyfesi (nefritli Budda haykali bilan) ibodatxonalari va boshqalar saqlangan. Shanxayda xalqaro miqyosdagi uchrashuvlar o’tkaziladi.