Sharshara

Sharshara — Daryo o’zanidagi tik jarliklardan suvning pastga otilib tushishi. Suv bir nechta pog’onalardan oqib tushib, Sharsharalar qatori — kaskad hosil qilishi mumkin. Daryo yumshoq va qattiq jinslardan tarkib topgan joylardan o’tganda yumshoq jinsli joyni o’yib kirib pog’ona hosil qiladi va shu pog’onalardan pastga otilib tushadi. Sharshara pog’onasi beto’xtov yemirilib turadi va Sharshara oqimning yuqori tomoniga siljib boradi. Pog’ona tez yemirilib borgan joylarda Sharshara o’rnida ostonalar hosil bo’ladi. Tog’lardagi tor vodiy va daralarning o’pirilib tushgan qattiq tog’ jinslari bilan to’silishi oqibatida hamda tekisliklarda daryoning qattiq jinslar yer yuzasiga chiqib qolgan joylardan o’tishida ham Sharsharalar paydo bo’lishi mumkin. O’rta Osiyo daryolarining tog’li hududlaridagi irmoklari, soylar ba’zi joylarda uncha katta bo’lmagan Sharsharalar (masalan, Sangardakdaryo Sharsharasi) hosil qilgan. Daryolardagi Sharsharalar kema qatnovi va yog’och oqizishga xalaqit beradi, biroq GESlar qurish uchun qulaydir.