Shartli reflekslar
Shartli reflekslar – odam va hayvonlarning shaxsiy hayoti davomida orttirgan moslashuv reaktsiyalari sistemasi; shartli (signal) qo’zg’atuvchi bilan shartsiz reflektor qo’zg’atuvchi o’rtasida vujudga keladigan muvaqqat bog’lanish tufayli paydo bo’ladi. Shartli reflekslar Markaziy nerv sistemasiga ega barcha hayvonlarda bor. “Shartli reflekslar” terminini I.P. Pavlov taklif etgan (1903). Shartli reflekslar hosil qilinadigan reaktsiyaga befarq bo’lgan qo’zg’atuvchi (signal), ya’ni shartli ta’sirlovchining organizmga . uzluksiz ta’siri bilan bog’liq. Masalan, chiroq yoqilganida ovqatlanishga nisbatan Shartli reflekslar hosil bo’lishi uchun itga chiroq yoqilgandan so’ng ovqat berib turish kerak. Tashqi yoki ichki muhitning har qanday o’zgarishi shartli ta’sirlovchi bo’lishi mumkin. Ilgari befarq bo’lgan, lekin vaqt jihatdan biror shartsiz refleksning namoyon bo’lishi bilan mos keladigan har qanday ta’sirlovchi shartli signal bo’lishi mumkin. Shartli reflekslarning shakllanishida Markaziy nerv sistemasining oliy qismlari (baliqlarda o’rta miya va miyacha, sudralib yuruvchilar va qushlarda bosh miya yarim sharlari, odam va sut emizuvchilarda bosh miya yarim sharlari po’stlog’i) asosiy ahamiyatga ega. Shartli reflekslar asosida har xil shartsiz reflekslar o’rtasida ikki tomonlama boglanish bo’lsa kerak, deb taxmin qilinadi. Shartli va shartsiz ta’sirlovchilarni bir xil neyronlardagi konvergentsiyasi va bosh miya har xil markazlari faolligining o’zaro mos kelishi Shartli reflekslar hosil bo’lishining asosiy sharti hisoblanadi. Shartsiz qo’zg’atuvchi tomonidan mustahkamlanib turilmagan Shartli reflekslar tormozlanadi, ba’zan yo’qolib ketadi. Shuning uchun Shartli reflekslarning biologik ahamiyati organizmning moslanish imkoniyatlarini kengaytirishdan va uning xatti-harakatlarini har xil sharoitga moslanishiga yordam berishdan iborat. Organizmning filogenetik taraqqiyoti va individual rivojlanishi davomida Shartli reflekslar ham tobora murakkablashib boradi.