She’riy nutq
She’riy nutq — badiiy nutqning nasriy (sochma) va she’riy (tizma) tarzidagi ikki shaklidan biri bo’lib, tilning muayyan ichki o’lchamga solingan, ma’no ko’chishiga asoslangan, hissiyotga to’yingan alohida ko’rinishi. She’riy nutq she’rning yaratilishi uchun eng muhim birlamchi vosita bo’lib, kelib chiqishiga ko’ra nasriy nutqdan qadimiydir. U inson tamaddunining dastlabki paytida uzoq vaqtgacha badiiy nutqning yagona shakli bo’lgan. Chunki She’riy nutq qurilishidagi tartiblilik, musiqiylik, hissiylik, o’lchovlilik uni kundalik qora so’zdan farqlagan, u orqali ifodalanayotgan axborotning san’atga tegishliligini ko’rsatib turgan. She’riy nutq muayyan o’lchov asosida takrorlanib turadigan tartibli zarb (ritm) ga qurilgan, inson sezimlarini uyg’otishga yo’naltirilgan, hissiyotga to’yingan ko’tarinki nutqdir. Uning o’ziga xosligini ritmik bo’lak va ritmik vositalar ta’min etadi. Butun borliq harakati zarblarning izchil takroriga asoslangani kabi She’riy nutq ham qatiy ritmga tayanadi. Tabiatdagi tartibli takrorlar kun va tun hamda fasllar almashinishini ta’minlagani, inson tanasining ritmikasi yurak urishi, nafas olishi maromini tashkil etgani kabi bo’g’in, turoq, rukn, misra va band shaklidagi ritmik bo’laklar takrori She’riy nutqning ta’sirli va yashovchan bo’lishiga olib keladi. Uni shakllantirishda pauza, qofiya va qofiya tizimi singari ritmik vositalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, She’riy nutqni yuzaga keltirishda poetik sintaksisning inversiya, sintaktik parallelizm kabi ko’rinishlari, fonetik vositalarning vokal va konsonans alliteratsiya, anafora, epifora, gradasiya singari turlari ham katta samara beradi. Qozoqboy Yo’ldoshev.