Sheva

Sheva (forscha — harakat tarzi, tarz, usul) — tilning fonetik, grammatik va lug’aviy jihatdan o’ziga xos xususi- yatlarga ega bo’lgan eng kichik hududiy ko’rinishi — sezilarli lisoniy tafovutlari bo’lmagan bir yoki bir necha aholi maskani (odatda, qishloq)da yashovchilarning so’zlashuv vositasi sifatida qo’llanadi. Sheva — bu boshqa Sheva tizimlaridan fonetik, grammatik, so’z yasalishi va lug’aviy belgilariga ko’ra farqlanuvchi lisoniy tizim sifatida mavjud bo’ladi. Masalan, qipchoq lahjasining Mang’it yoki saroy shevasi, qarluq lahjasiga mansub Marg’ilon shevasi va boshqalar o’zbek tilining eng kichik hududiy ko’rinishlari hisoblanadi. Alohida Shevalar birikib, lahjasi tashkil etadi. Shevalar tizimining murakkablik darajasi, asosan, ekstralingvistik omillar: Shevaning alohidalanish (ajralib qolish) darajasi, muayyan Sheva vakillarining boshqa Shevalar va tillarning vakillari bilan aloqa qilish darajasi, adabiy tilning Shevaga ta’siri va shahrik.ga bog’liq. Alohida ajralib qolgan Shevalarda uning vakillari bilan atrofdagi aholi o’rtasida aloqalarning yo’qligi (Geografik yoki siyosiy sabablar, atrofdagi aholining til, madaniyat, diniy e’tiqod jihatdan ayni Sheva vakillaridan keskin farklanishi tufayli), sheva vakillarining an’anaviy turmush tarzini saqlab qolishga astoydil intilishi oqibatida Sheva juda sekinlik bilan o’zgaradi, katta va kichik yoshdagilarning tilidagi farq sezilarsiz darajada bo’ladi. Adabiy tilning yoki boshqa Shevaning kuchli ta’siri ostida bo’lgan Shevada aholining turli guruhlari nutqiga xos bo’lgan, bir-biriga qarama-qarshi qo’yilgan va turli darajada farqlanadigan an’anaviy (qadimgi) va yangi qatlamlar ajralib turadi. Milliy til tushunchasining hajmi va qo’llanish doirasi keng bo’lib, lahja va Shevalarni ham qamrab oladi. Shevalar adabiy til tushunchasiga kirmaydi, biroq ular tilning quyi shakli va tarmoqlari hisoblanib, adabiy tilni boyitish uchun xizmat kiladi. Adabiy til me’yorlarining takomillashuvi, fan va madaniyat taraqqiyoti, shahar bilan qishloq o’rtasidagi tafovutlarning kamayib borishi kabi ekstralingvistik omillar tufayli Shevalar ham asta-sekin o’z hususiyatlarini yo’qota boradi. Shevalar tilshunoslikning dialektologiya bo’limida o’rganiladi. O’zbek Shevalarini o’rganishga G’ozi Olim Yunusov, E.D. Polivanov, A.K. Borovkov, V.V. Reshetov, F. Abdullaev, Sh.Shoabdurahmonov, A. Ishaev, S. Otamirzayeva, O. Madrahimov va boshqalar katta hissa qo’shdilar. Ad.: Reshetov V.V., Sh. Aabdurahmonov Sh., O’zbek dialektologiyasi, T., 1978. Abduvahob Madvaliyev.