SHIMOLIY ATLANTIKA SHARTNOMASI TASHKILOTI, NATO

SHIMOLIY ATLANTIKA SHARTNOMASI TASHKILOTI, NATO (North Atlantic Treaty Organisation – NATO) — xalqaro davlatlararo harbiy-siyosiy tashkilot. 1949-yil 4-aprelda Vashingtonda 12 davlat: AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Kanada, Italiya, Portugaliya, Norvegiya, Daniya, Islandiya vakillari tomonidan Shimoliy Atlantika shartnomasi imzolangan. Tashkilotga 1952-yil Gretsiya va Turkiya; 1955-yil GFR, 1982-yil Ispaniya, 1999-yil Vengriya, Polsha va Chexiya, 2004-yil Latviya, Litva, Estoniya, Slovakiya, Sloveniya, Bolgariya va Ruminiya qabul qilindi; 1966-yil Fransiya NATOning harbiy tuzilmalaridan chiqqan. Shartnoma dastlab Sovet Ittifoqi tomonidan agressiya xavfiga qarshi birgalikda himoyalanish va jamoaviy xavfsizlikni nazarda tutgan. Bu ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh tomonidan tuzilgan birinchi uyushma bo’lib, u G’arb mamlakatlarining ittifoqini anglatardi. Bunday shartnoma tuzilishiga ―sovuq urush‖ning tobora keng tus olgani sabab bo’lgan. Shartnoma BMT Ustavining 51-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo’lib, bu moddada mustaqil davlatlar yakka tartibda yoki jamoa bo’lib o’z mudofaasini tashkil etish huquqiga egaligi ko’rsatilgan. Shartnoma NATOga kiruvchi mamlakatlarga G’arbiy Yevropa va Shimoliy Atlantikani himoya qilish vazifasini yuklagan. Shimoliy Atlantika Kengashi NATO ning oliy siyosiy organi hisoblanadi. U ittifoqqa a’zo mamlakatlar hukumatlari o’rtasida maslahatlashib olinadigan va ishlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy forumdir. Harbiy masalalar Mudofaani rejalashtirish komiteti (MRK) majlislarida muhokama qilinadi. ―Sovuq urush‖ tugagandan so’ng NATOni dunyoda yuzaga kelgan yangi vaziyatga moslashtirish boshlandi. 1991-yil Shimoliy Atlantika hamkorlik kengashi tuzildi. U Yevroatlantika hamkorlik kengashi (YEAHK)ga aylantirildi (1997). 1994-yildan NATOning ―Tinchlik yo’lida hamkorlik‖ (TYH) dasturi amalga oshirila boshlandi. Bu dastur Yevroatlantika hududi xavfsizligining asosiy tarkibiy qismiga aylandi va NATOda markaziy o’rinni egallab kelmoqda. YEAHKga 46 mamlakat a‘zo (2004). O’zbekiston 1992-yil 10-martda Shimoliy Atlantika hamkorligi kengashiga a’zo bo’lib kirdi. ―Tinchlik yo’lida hamkorlik‖ dasturiga qo’shilish to’g’risidagi hujjatning O’zbekiston tomonidan imzolanishi (1994) respublikaning xalqaro tuzilmalarga integratsiyalashuvi jarayonida yangi bosqichni boshlab berdi. 1995-yil 16- avgustda O’zbekiston NATO bilan xavfsizlik to’g’risidagi bitimni imzoladi. O’zbekistonning NATO bilan o’zaro aloqalari har yili ikkala tomondan tasdiqlanadigan individual hamkorlik dasturi orqali amalga oshiriladi.