Shishpir

Shishpir – Sug’d ixshidi (642655 yillar). Uning ismi o’zi zarb qildirgan sug’diy yozuvli tangalarda Shishpir, Xitoy yilnomalarida Shashebi, Arab manbalarida Shishbir shakllarida uchraydi. Ismining lug’aviy ma’nosi sug’diycha — “din tarqatuvchi”. Shishpir dastlab Kesh hukmdori bo’lgan, keyinchalik o’z qarorgohini Samarqandga ko’chirgan. Shishpir o’z nomidan mis tangalar zarb qilgan. Ularning bir tomonida Shishpirning nomi va malka (ixshid) so’zi, ikkinchi tomonda Samarqand ixshidlari tamg’asi va boshqalar belgilar tasvirlangan. Shishpir davrida Sug’dda pul munosabatlarining rivojlanishi tezlashgan va iqtisodiy ko’tarilish jarayoni kuchaygan. Bu davrda Sug’d — Samarqand, Panch (Panjikent), Maymurg’, Ishtixon, Kushoniya (Kattaqo’rg’on), Kesh, Naxshab kabi bir nechta mayda davlatchalarga bo’lingan konfederatsiya shaklidagi boshqaruvga ega bo’lib, Turk xoqonligi tarkibida edi. 642 yilda Shishpir o’z elchilarini Xitoyga yuborgan. Shishpirdan keyin taxtga ixshid Varxuman (655-696) chiqqan. Ad.: Smirnova O.I., Svodniy katalog sogdiyskix monet, M., 1981.