Shofirkon
Shofirkon — Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi shahar (1995 yildan), tuman markazi (1926 yildan). Viloyat markazi (Buxoro)dan 40 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Qiziltepa (32 kilometr). Aholisi 17 ming kishi (2004), asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, tatar, rus, ukrain va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Shofirkon O’zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri. Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha , shahar nomi “Shopurkom”, ya’ni Shopur qazdirgan ariq (kanal) so’zlaridan kelib chiqqan. Keyinroq ariq yonida vujudga kelgan qal’a ham “Shopurkom” deb atalgan deyiladi. Shofirkonda o’rta asrlarda savdo va hunarmandchilik rivoj topgan. Shofirkon haqida ayrim ma’lumotlar Mahmud ibn Valining “Bahr alasror” (“Geografiya”) (17-asr) asarida ham keltirilgan. Ayniyning yozishicha, 19-asr oxirlari va 20- asr boshlarida Shofirkon va uning atrofidagi qishloqlarni bir necha marta qum bosgan. Shofirkonda vino zavodi, gilam to’qish fabrikasi, Buxoro pillakashlik fabrikasi filiali va boshqalar sanoat korxonalari, 4 qurilish tashkiloti, bosmaxona, dehqon bozori, novvoyxona, avtovokzal, mehmonxona, aloqa bo’limi, turli banklar bo’limlari, 100 dan ortiq savdo, jamoat ovqatlanish va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. 3 umumiy ta’lim maktabi, iqtidorli bolalar internat maktabi, bolalar va o’smirlar sport maktabi, muxtor Ashrafiy nomidagi san’at maktabi, 3 kasb-hunar kolleji (qishloq xo’jalik, maishiy xizmat ko’rsatish, iqtisodiyot kollejlari) bor. 9 kutubxona, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, “Xotira” yodgorligi, stadion, 10 dan ortiq sport maydonchalari, 5 sport zali mavjud. Markaziy tuman kasalxonasi, 4 poliklinika, 10 dorixona aholiga xizmat ko’rsatadi. Ad. Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Maxmud ibn Vali, More tayn otnositelno doblestey blagorodnix (geografiya), T., 1977; Buxoro Sharq durdonasi, T., 1997.