Shovqin
Shovqin — 1) keng ma’noda — nutq va musiqani to’g’ri qabul qilishga, xordiq chiqarishga va aqliy mehnatga xalaqit beruvchi begona tovushlar. Shovqin detsibel bilan o’lchanadi. Masalan, nafas olish, barglarning shitirlashi 10, qattiq gapirish 60-70, transportning shovqini 80-100, reaktiv samolyot ovozi 140-175 desibelga teng va hokazolar. Qattiq, suyuq, gazsimon muhitlardagi har qanday tebranishlar, turli dvigatel va mexanizmlar Shovqinlarning asosiy manbaidir. Mashinalarning detallarini aniq qilib ishlash, mexanizmlarning tovush chiqarishini pasaytirish, tovushni to’sadigan, yutadigan va titrashni kamaytiradigan vositalarni qo’llash yo’li bilan Shovqin kamaytiriladi; 2) texnika va fizikada (tebranma jarayonlar bilan bog’liq bo’lgan radio, elektronika, radiolokasiya, radioastronomiya, akustika, tovush yozish, optika va boshqalarda) davriy bo’lmagan tartibsiz tebranishlar. Masalan, elektron lampalarda elektr tokining tartibsiz tebranishi, o’tkazgichlarda elektronlarning issiqlik harakati (issiqlik Shovqini), yer va yer atmosferasidan, Quyosh, yulduzlar, yulduzlararo muhit va boshqalardan tarqalayotgan issiqlik nurlanishlari (kosmik Shovqinlar) natijasida Shovqin hosil bo’ladi. Shovqinning umumiy foydali jihatlari ham bor. Masalan, radioastronomiyada chastotaning ma’lum diapazonidagi Shovqin bo’yicha yulduzlar va boshqalar kosmik jismlarning radionurlanishi tekshiriladi, harbiydengiz texnikasida esa suv osti qayiq va kemalari topiladi; 3) gigienada — odam organizmiga salbiy ta’sir ko’rsatadigan va turli kasalliklarga sabab bo’ladigan tovushlar. Odam organizmiga uzoq vaqt ta’sir etishi natijasida Markaziy asab sistemasi, tomirlar tonusi, hazm yo’llari a’zolari, endokrin sistemasi va hokazolarning faoliyati buzilishi, quloq og’irligi, karlik paydo bo’lishi mumkin. Shovqin ta’sirida harakatning aniq muvozanati buzilib, mehnat unumdorligi pasayadi. Ortiqcha Shovqin odamni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan kuchsizlantiradi. Inson uchun 20-30 detsibel zararsiz hisoblanadi. Bu tabiiy holatdir. Umuman odamga 80 desibelli Shovqin ruxsat etiladi. Qiymati 130 desibelga teng Shovqin inson quloqlarida og’riq paydo qiladi, 150 desibelga yetganda chidash qiyin bo’ladi, 180 denibelda hatto metall chaqnab ketadi. 20-asr 70-yillarida shahar ko’chalaridagi Shovqin 60-70 desibelni tashkil qilgan, 21-asr boshida bu ko’rsatkich 100 desibel va bundan yuqori qiymatga yetdi. Shovqinning inson salomatligiga ta’siri haqida ibtidoiy jamoa davridan ma’lum. Uning ta’sirini kamaytirish uchun, masalan, temirchilar, tunukachilar va misgarlarning kechasi ishlashi taqiqlangan. Rim diktatori Yuliy Tsezar kechalari shaldirab yuradigan aravalarning shahar ko’chalarida yurishini taqiqlagan. Odam organizmiga Shovqinning ta’sirini oldini olish uchun hozir ham ba’zi tashkiliy, texnik va tibbiy chora-tadbirlar ko’riladi. Aholi yashaydigan punktlarda Shovqinga qarshi kurash choralari: ko’kalamzorlashtirish, ko’cha harakatini tartibga solish, transportlar signalini man etish, turar joy binolariga tovush o’tkazmaydigan oynali (masalan, plasmassa, alyuminiy) derazalar qo’yish, lift, nasos, ventilyator kabi uskunalar Shovqinini kamaytirish va hokazolar. Ishlab chiqarishda Shovqinga qarshi kurash choralari: Shovqinsiz texnologik jarayonlarni qo’llash, yangi uskunalarni Shovqin o’lchovi nazoratidan o’tkazish, korxona binosini tovushdan izolyatsiya qilish, tovush yutuvchi qurilish materiallari ishlatish va boshqalar Shuningdek, sershovqin tsex ishchilari individual himoya vositalari bilan ta’minlanadi. Bunday ishchilar shifokor (terapevt, otolaringolog, nevropatolog) ko’rigidan o’tkazib turiladi va hokazolar.