Shoyigul

Shoyigul (sappa) — shoyiguldoshlarga mansub ko’p yillik o’simliklar turkumi; manzarali o’simlik. Osiyo va Amerikaning subtropik mintaqalarida keng tarqalgan. 50 dan ortiq turi ma’lum. 1000 dan ortiq navi chiqarilgan. O’zbekistonda bog’ Shoyiguli va hind Shoyiguli ko’proq o’stiriladi. Bo’yi 0,5—2 metr, poyasi tik, yon shoxlari yo’q. Barglari yirik, yassi yumaloq, uzunligi 30-35 santimetr, kengligi 13-15 santimetr, asosi poyaga o’ralib qin hosil qiladi, rangi yashil, qizg’ishmalla rang. Poyaning har 10-15 santimetrda bittadan barg o’sib chiqadi. Gullari qizil, pushti, sariq, oq, gultojbarglari yirik, poya uchida ro’vaksimon to’pgul hosil qiladi. Iyun—sentabrda gullab mevalaydi. Mevasi ko’sakcha. Shoyigul ildiz tuganagini bo’lish yo’li bilan ko’paytiriladi. Kech kuzda iddiz tuganagi kavlab olinadi va quritilib, issiqroq joyda saqlanadi. Erta bahorda ekiladi. Tuganagi tarkibida kraxmal bor. Bog’-xiyobonlar, gulzorlarga, hovlilarga ekiladi. O’zbekistonda Krouz va Luiza fon Retitor navlari 1997 yildan barcha viloyatlar uchun rayonlashtirilgan.