Shukrullo

Shukrullo (ismi va taxallusi; familiyasi Yusupov) (1921.2.9, Toshkent) — O’zbekiston xalqshoiri (1981). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1977). Pedagogika bilim yurti (1935-38) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1944), 1938 yil Qoraqalpog’istonda, 1939-45 yillarda Toshkentda o’qituvchilik qilgan. Keyin O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi (1945-49), O’zbekiston davlat nashriyotida muharrir (1945-51; 1955-65). 1951 yilda millatchilik va sovetlarga qarshi targ’ibotda ayblanib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, Stalin vafotidan keyin ozod etilgan (1955). Ilk she’rlar to’plami — “birinchi daftar” (1949). Shundan keyin uning “qalb qo’shiqlari” (1949), “hayot ilhomlari” (1959), “umrim boricha” (1960), “inson va yaxshilik” (1961), “inson — inson uchun” (1964), “zarralar” (1973), “suyanchiq” (1977), “yashagim keladi” (1978), “sening baxting” (1988), “To’kilgan dardlarim” (2001) kabi she’riy to’plamlari e’lon qilingan. Shukrullo lirik she’rlarida sevgi va vafo, mehr va oqibat singari insoniy qadriyatlarni uluglab, kitobxonda yalqovlik, loqaydlik, kalondimog’lik, hasadgo’ylik, g’arazgo’ylik kabi illatlarga nisbatan nafrat tuyg’usini uyg’otishga intilgan. Lirik qahramonning ruhiy olamida kechgan va kechayotgan yevrilishlarni inson va jamiyat, inson va tabiat o’rtasidagi uzviy aloqani tasvirlash orqali ko’rsatib bergan. Shukrullo “Chollar” (1948), “Rossiya” (1956), “Ikki qoya” (1964), “26-tong otari” (1966), “gul va otash” (1972), “ko’ngil chirog’i” (1975), “asr bahsi” (1985) va boshqalar dostonlarini yozgan. Shukrulloning bolalarga bag’ishlangan she’r va ertaklari “Bahor sovg’asi” (1962), “yulduzlar” (1964) she’riy to’plamlaridan o’rin olgan. “Xatarli yo’l” (1962), “ta- bassum o’g’rilari” (1964), “to’ydan keyin tomosha” (1980), “o’g’rini qaroqchi urdi” (1982), ustoz yozuvchilarning ijodi tajribalari to’g’risida bahs yurituvchi “Javohirlar sandig’i” (1983) essesi, qatag’on davri dahshatlari haqidagi “kafansiz ko’milganlar” (1989) avtobiografik qissasi, “Qasosli dunyo” (1994) Publitsistik maqolalar to’plami, Ubaydulla Xo’jayev to’g’risidagi “tirik ruhlar” (1999) roman-xronikasi muallifi. Shukrullo Karlo Gossining “Baxtiyor gadolar” pyesasi, Sh. Petyofi, T.Shevchenko, Q.Quliev va boshqalar shoirlarning she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari rus, Arab, turk, Ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirg’iz tillarida nashr etilgan. Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). “Do’stlik” (1994) va “elyurt hurmati” (1999) ordenlari bilan mukofotlangan. As: tanlangan asarlar, 2 j.li, T., 1973— 74; o’g’rini qaroqchi urdi (pyesalar), T., 1995; tirik ruhlar, T., 1999; To’kilgan dardlarim, T., 2001; og’ir yillar quvonchi, T., 2003. As: Rahimjonov N., Shoir va davr, T., 1983; umrboqiylik. Shukrullo ijodining turfa qirralari, T., 2001. Naim Karimov.