Shved tili
Shved tili — german tillarining shimoliy (Skandinaviya) guruhchasiga mansub til; Shvetsiya, Finlyandiya, Norvegiya, Daniyada, shuningdek, AQSh va Kanadada tarqalgan. Shvetsiya Qirolligining rasmiy tili, Finlyandiya Respublikasining 2-rasmiy tili. So’zlashuvchilarning umumiy soni 10 millionga yaqin (Shvetsiyaning o’zida 8,6 milliondan ortiq) kishi (o’tgan asrning 90-yillari). Shved tilining 6 ta lahja guruhi bor: svey (Shvesiyaning Markaziy hududi — Melaren ko’li atrofi), yot (Janubiy g’arbiy hududlar), Norland (shimol hudud), Sharqiy shved (Botnik qo’ltig’i qirg’oqlari), gutni (Gotland oroli), Janubiy shved (Skone viloyatidagi dan tiliga yaqin). 1645 yilda Norvegiyaning Xaredalan va Emtland viloyatlari Shvetsiyaga qo’shib olingach, u yerlarda aralash shved-norveg shevalari shakllangan. Shved tili fonetikasi cho’ziq va qisqa tovushlar (unlilar va undoshlar)ning, musiqiy urg’uning mavjudligi bilan ajralib turadi. Grammatik xususiyatlari: otlarda umumiy va o’rta jins (rod), birlik va ko’plik son, 2 ta kelishik (umumiy va qaratqich), aniqlik va noaniqlik shakllari va boshqalar mavjud; fe’llar 4 xil tuslanishga ega; mayl, zamon, nisbat kategoriyalari bo’iicha o’zgaradi. So’zlar gapda qat’iy tartibda joylashadi. Tarixiy rivojlanishida 2 davr: qadimiy Shved tili (9-asrdan 1525 yilgacha — Shvetsiya mustaqillikka erishguncha) va yangi Shved tili (1525 yildan) davrlari farqlanadi. Eng qadimiy yozma yodgorliklari 9-12-asrlarga mansub, runik yozuvda bitilgan yodgorliklardir. Lotin grafikasidagi qadimiy qo’lyozmalar 13-asrga mansub. Shved tilidagi dastlabki bosma asar 1425 yilda nashr etilgan. Qadimiy shved yozma tili 14-15-asrlarda yot lahjasi asosida shakllangan; hozirgi adabiy til esa 16-17-asrlarda svey shevalari (asosan, Stokgolm shevasi) negizida shakllana boshlagan. Yozuvi lotin grafikasi asosida unga 3 ta harf (A, A, o) qo’shgan holda yaratilgan.