TAKT
TAKT — tilshunoslikda nutqning fonetik birliklaridan biri; nutq zanjiridagi bir halqa sifatida bo’g’indan katta, fraza (sintagma)dan kichik bo’ladi, boshqacha aytganda, Takt frazaning bir urg’u bilan birikkan, qo’shilgan, bir yoki bir necha bo’g’indan iborat bir qismidir. Aksar tillarda barcha mustaqil so’zlar, o’z urg’ulariga ega bo’lganliklari sababli, alohida Taktlarga ajraladi; mustaqil bo’lmagan, yordamchi so’zlar esa, urg’uga ega bo’lmasligi sababli, o’zlari alohida Takt hosil qila olmaydi, balki urg’uga ega bo’lgan mustaqil so’zlardan avval (qindevropa tillarida) yoki ulardan so’ng (turkiy tillarda) joylashib, ular bilan birgalikda Takt hosil qiladi. Masalan, “O’qish uchun Iroda kerak” jumlasida 3 ta Takt bor (o’qish uchun; Iroda; kerak).
TAKT (lotincha tactus — tegish so’zidan) — metr birligi; kuchli va kuchsiz hissalarning almashinuviga asoslanib, eng kuchli hissadan boshlanadi. Oddiy (2,3 hissali) va murakkab (bir necha oddiy metrik) guruhchalardan tashkil topgan Taktlar bo’ladi. Nota yozuvida vertikal chiziq (takt chizig’i) bilan ajratiladi. Takt tarkibi o’lchov bilan belgilanadi. Teng Taktlarga ajratib bo’lmaydigan musiqa namunalari (yig’i, katta ashula kabi) yozuvida Takt chiziqlari vositasida musiqa jumlalarining chegarasigina ko’rsatiladi.