TALLIN

TALLIN (sobiq Revel) — shahar, Estoniya poytaxti. Yirik industriya, ilmiy va madaniy markaz, transport yo’llari tuguni, dengiz porti. Aeroport bor. Fin qo’ltig’ining Janun sohilida, Tallin buxtasi yonida joylashgan. Shaharning shimoliy Sharqiy (Pirita) qismidan Pirita daryosi oqib o’tadi. Iqlimi dengiz iqlimi. Fevralning o’rtacha temperaturasi -5,8°, iyulniki 16,4°. Yillik yog’in 600 millimetrgacha. Maydoni 145,9 kilometr kvadrat. Aholisi 404 ming kishi (2000). Shahar 4 ma’muriy tumanga bo’lingan. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, shahar 10-asrda vujudga kelgan. Dastlab, Idrisiyning 1154 yil tuzilgan dunyo xaritasida Kolivan (xalq eposi qahramoni — Kaleva) nomi bilan tilga olingan. 1219 yil daniyaliklar hozirgi Tallin o’rnidagi estonlarga qarashli ko’hna shaharni bosib olib, unga Reval (Revel) deb nom berdilar. Biroq estonlar shaharning yangi nomini qabul qilmay, uni Tallin (Taani linna — Daniya shahri) deb atay boshladilar. Tallin savdo-hunarmandchilik markazi va dengiz porti sifatida tez rivojlandi. 1285 yil Ganza Ittifoqiga kirdi, 13-14-asrlarda Boltiq bo’yidagi eng yirik shaharlardan biriga aylandi. Tallinni 1710 yilda Rossiya bosib olgan. 19-asr oxiri — 20 asr boshlarida Tallin yirik sanoat markaziga aylangan. 1940 yil 6 avgustda Tallin Estoniya SSR tarkibiga kiritildi. Urush davri (1941— 45)da Tallin katta talafot ko’rdi. Urushdan keyin shahar butunlay qayta tiklandi. Sanoatining etakchi tarmokdari: mashinasozlik (kemasozlik) va metallsozlik. Ayniqsa, elektronika, elektrotexnika, priborsozlik sanoatlari tez rivojlanmoqda. Yirik korxonalari: “Volta” elektr motorlari zavodi, elektronika, radiotexnika, kabel, nazorato’lchov priborlari zdlari. Mashinasozlik, ekskavator, kema ta’mirlash, kimyofarmasevtika zavodlari, kimyo, fanermebel, uysozlik, tsellyulozaqog’oz kombinatlari, konditer, mebel fabrikalari bor. To’qimachilik, trikotaj, tikuvchilik, ko’npoyabzal korxonalari, elevator ishlab turibdi. Baliq, sut, go’sht, mahsulotlari, konservalar, turli qurilish materiallari ishlab chikariladi. Tallinda Estoniyada ishlab chiqariladigan yalpi sanoat mahsulotining qariyb 2/5 qismi tayyorlanadi. Shahar tuzilishida Markaziy o’rin egallagan o’rta asr qurilishi (eski shahar) saqlangan. Eski shaharning o’zi 2 qism: Toompea tepaligidagi qismi (13-14-asrlarda qurilgan qasr bilan) va undan Janubi Sharqdagi quyi shahardan iborat. Dom sobori (13-15-asrlar) va boshqalar bor. Quyi shaharda 13-16-asrlar devor qoldiqlari, 17-asr yer osti qal’alarining qismlari, o’rta asrga xos tor ko’chalar va ko’plab me’morchilik xamda san’at yodgorliklari saqlanib qolgan. Tallinda 4 oliy o’quv yurti (politexnika, pedagogika, badiiy musiqa va teatr san’ati), bir qancha o’rta maxsus o’quv yurti, Estoniya Fanlar Akademiyasi va uning institutlari, botanika bog’i joylashgan. 13 muzey (tarix, badiiy, tabiiy fanlar, shahar, teatr va musiqa va boshqalar), 5 teatr, konservatoriya, filarmoniya, “Tallinfilm” kinostudiyasi, telemarkaz bor. Shahar xalqaro turizm markazi. Mehmonxona, turistik baza, kempinglar faoliyat ko’rsatadi. Tallinning Pirita, Kadriorg bog’i, eski shahar qismlari mehmonlar va sayyohlarning sevimli dam olish joylaridir.