TARNOV

TARNOV — o’rtacha kechpishar urug’siz, vinobop uzum navi. Hozirgi O’zbekiston o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutida Nimrang va Qora kishmish navlarini chatishtirib chiqarilgan (A. M. Negrul, M. S. Juravel). Tupi o’rtacha o’sadi. Barglari o’rtacha, to’garak, besh bo’lmali, orqa tomoni tukli. Guli ikki jinsli. Uzum boshi yirik, konussimon, tig’iz. G’ujumi o’rtacha, dumaloq, sarg’ishoch yashil. Po’sti tarang, yupqa mum/ubor bilan qoplangan. Eti sersuv, sershira. Kurtagi bo’rtgandan keyin faol harorat yig’indisi 2900° bo’lganda 147 kunda pishadi. Novdasi yaxshi yetiladi. Hosildorligi 600 ts/ga. Sovuqqa chidami past. Sharbatlar, oq va shampan vinolari tayyorlanadi. 1959 yildan Samarqand va Toshkent viloyatlarida rayonlashtirilgan.