Tasavvuf, sufiylik

Tasavvuf, sufiylik — Islomda insonni ruhiy va axloqiy jihatdan komillik sari yo’llovchi ta’limot. Tasavvuf so’zining o’zagi va mazmuni haqida olimlar turli fikr va taxminlar bildirishgan. Ular ichida Ibn Xaldunning fikri haqiqatga yaqin deb e’tirof etilgan. U “Muqaddima” asarida Tasavvuf “suvf” — “jun”, “po’stin” so’zidan olingan bo’lishi kerak, zero qadimdan tarkidunyo qilgan zohidlar jundan to’qilgan kiyim yoki po’stin kiyib yurishni odat qilganlar, bu bilan ular bashang kiyinib yuruvchi ahli dunyolardan farqli hayot tarzini o’zlarida namoyon etganlar, deydi. Tasavvuf va “sufiy” so’zlari 9-asrning boshlarida yashagan Abu Hoshim Sufiydan boshlab joriy etilgan. Undan oldingi davrlarda bu atama o’rnida “zuhd” (“zohidlik”, “tarkidunyochilik”), “taqvodorlik”, “parhezkorlik” kabi so’zlar ishlatilgan. Ibn Xaldunning fikriga ko’ra, sahobalar, tobeinlar va ulardan keyingi asr kishilarida hidoyat, ibodat, taqvo va zohidlik kabi qistuyg’ular mujassam bo’lgan. Lekin hijratning 2-asri va undan keyingi davrga kelib, odamlarning ko’pchiligida mazkur xususiyatlar o’rnida dunyoparastlik, din ishlariga beparvolik, kibr va riyokorlik kabi salbiy xususiyatlar paydo bo’la boshlagandan keyin obidlik va zoqidlikni ixtiyor qilgan bir guruh kishilar Tasavvuf va sufiylik nomi bilan ajralib chiqqanlar. Tasavvuf turlicha talqin qilingan. Masalan, Ma’ruf alkarxiy (815 yil vafot etgan) fikricha, “Tasavvuf — haqiqat sari intilish, odamlardan tamagirlik qilmaslik va faqirlikni ixtiyor etishdir”. Zunnun almisriy (859 yil vafot etgan), “Sufiy boylik istab o’zini charchatmas va yo’qotgan boyligiga achinib, bezovta bo’lmas”, desa, Junayd alBag’dodiy (909 yil vafot etgan) ” Tasavvuf — qalbni sof tutmoq, tug’ma zaiflik va noxush axloqlardan forig’ bo’lib, hayvoniy va nafsoniy tuyg’ular ustidan g’alaba qilmoq”, deb ta’rif bergan. Yana u “Tasavvuf bir uy bo’lsa, shariat unga kiradigan eshikdir”, degan. So’fi Olloyor bu ta’rifni quvvatlab: Shariatsiz kishi uchea havog’a Ko’ngil berma aningdek xudnamog’a deb yozadi. Misrlik olim Ibrohim Basyuniy “Islomda tasavvufning paydo bo’lishi” kitobida hijriy 3 va 4-asrlarda yashab o’tgan olimlarning Tasavvuf haqidagi 40 ta ta’rifini keltiradi. Xulosa qilib aytish mumkinki, Tasavvuf Islom shariati talablarini ham ixlos bilan bajargan g’olda zuxd, taqvo, kamtarlik kabi olijanob fazilatlarni o’zida mujassam etib, nafsni poklash yo’li bilan komil inson darajasiga erishishga harakat qilishdan iborat. Tasavvufning o’ziga xos istilohi mavjud. Masalan, Tasavvuf ilmidan saboq beruvchi shaxs— Shayx, murshid, pir, eshon, Xoja, Mavlo, Mavlono, maxdum kabi unvonlar bilan tanilgan. Tasavvufdan saboq oluvchi shaxs — murid, solik, axli dil, axli hol, mutasavvif kabi nomlar bilan atalgan. Tasavvuf bo’yicha oliy maqomlarga erishgan sohibkaromat pirlar — valiy, avliyo, qutb, aqtob, avtod, chilton, Abdol, Abror, Ahror, nujabo, nuqabo, Siddiq, G’avs va hokazolar deyilgan. Tasavvuf ahli ba’zan oshiq, faqir, haqir, darvesh, qalandar, Zohid, Orif, devona, ahli muhabbat, ahli suluk, rijolulg’ayb, savdoyi, gado kabi atamalar bilan ham ifoda etilgan. Tasavvuf istilohi asosida ijod etgan shoirlar majoz uslubini tanlaganlar. Shuning uchun haqiqat, majoz, tashbeh, istiora kabi mantiqiy qoidalardan boxabar bo’lmagan kitobxon Navoiy, Fuzuliy, Atoyi, Umar Xayyom kabi mumtoz adabiyot namoyandalarining she’rlarini to’la anglashi qiyin kechadi. Tasavvuf tarixida ko’pgina olimlar Tasavvufga doir so’zlar izohiga bag’ishlangan lug’at va qomuslarni yozib qoldirganlar. Ulardan ayrimlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanmoqda. Tasavvuf tariqatlarining insoniyat ma’naviyatini yuksaltirishga qo’shib kelayotgan benazir hissasi butun dunyo xalqi tomonidan e’tirof etilsada, ba’zan Islom olamida Tasavvufga salbiy nazar bilan qarash, uning tariqatlari, mashoyixlari va karomatlarini inkor etish ko’zga tashlanadi. Burhoniddin albiqoiy (1406— 1480)ning “tasavvuf inqirozi”, Abdurahmon Dimashqiyaning “Naqshbandiya taxlili” kitobi va boshqa kitoblarda Tasavvufning barcha tariqatlari va ularga doir asarlar hamda mashoyixlar qattiq tanqid qilingan. Azizavliyolarning maqbara va mozorlarini ziyorat qilish shirk deb sanalgan. Vaholanki, ularning bu da’volari shar’an asossizdir. Islom huquqshunosligida, ya’ni shar’iy ko’rsatmalarni amalga tatbiq etishda 4 ta fiqxiy mazhab bo’lganidek, Tasavvufda ham bir necha tariqatlar shakllangan. Mashhurlari — tayfuriya, junaydiya, hakimiya, Qodiriya, yassaviylik, malomatiylar, rifoiya, kubroviylik, suhravardiylik, Chishtiya, akbariya, Shoziliya, Bektoshiya, mavlaviya, Naqshbandiya, Sanusiya tariqatlaridir. Mustaqillik yillari mamlakatimizda Tasavvuf tariqatlarini o’rganish, unga doir asarlarni tarjima qilish, atoqli mashoyixlarning maqbaralarini qayta qurish va ta’mirlashga ahamiyat berilmoqsa. Hakim Termiziy, Najmiddin Kubro, Abduxoliq G’ijduvoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Shayx Zayniddin, Zangi ota, Shayx Xovandi Tohur va boshqa ko’plab Tasavvuf tariqatlariga mansub piri komillarning xayot va ijodlarini chuqur o’rganish, qoldirgan asarlaridan xalqimizni bahramand etish borasida muayyan ishlar qilindi. Ad.: Komilov N., Tasavvuf (1-kitob), T., 1999; Juzjoniy A. Sh., Tasavvuf va inson, T., 2001; Haqqulov I., Tasavvuf saboqlari, Buxoro, 2000. Abdulaziz Mansur.