Tennessi

Tennessi — AQShning Sharqiy qismidagi daryo, Ogayo daryosining chap irmog’i. Appalachi tog’larining g’arbiy yon bag’ridan boshlanadigan Xolston va French-Brod daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi. Uzunligi 1050 kilometr (Xolston daryosi boshlanish yeridan 1470 kilometr), havzasining maydoni 104 ming km2. O’rtacha suv sarfi 1800 m3/sekund. To’lin suv davri qish va bahor oylariga to’g’ri keladi. Tennessi oqimi suv omborlari tizimi bilan to’liq boshqarilib turadi. GES, issiqlik elektr stansiyalari, AES qurilgan. Kema qatnaydi. Tennessi bo’yida Noksvill, Chattanuga, Florens shaharlari joylashgan.