TO’PCHIBOSHI
TO’PCHIBOSHI — harbiy lavozim. O’rta Osiyo xonliklarida harbiy vazifalarni bajargan amaldor (asosan, artilleriya boshqaruvchisi). Buxoro amirligida 2 ta To’pchiboshi unvoni mavjud bo’lgan: biri to’pchiboshisi lashkar deb nomlangan bo’lib, Buxoro garnizonining boshlig’i vazifasini ado etgan, uni vaziri harb — harbiy vazir ham deb atashgan, unga barcha harbiy qismlarning sardorlari bo’ysungan. Davlat qurol-yarog’ ombori — To’pxonaga mas’ul hisoblangan. Ushbu shaxs kutvol, bakovul, o’rag’a kabi mansab egalari qatori hukmdor qabulida ba’zan o’tirish huquqiga ega bo’lgan. Ikkinchi To’pchiboshi Buxoro qal’asi (arki) komendanti hisoblangan, shu bois to’pchiboshisi Darvozayi arki oli — “qal’a artilleriyasi sardori” deb yuritilgan, u o’z mavqeiga ko’ra, shig’avul, miroxurboshi, shixna (mirshab) kabi lavozimlar darajasida turgan. Ad.Mirza Badi’ divan, Madjmaalarkam, Vvedenie, perevod, Primechaniya i prilojeniya A. B. Vildanovoy, M., 1981.