TOTILA

TOTILA (Totila) Baduila (? 552, Tagina yaqinida, hoz. Gualdotadino) — ostgotlar qiroli (541 y.dan). Italiyada vizantiyalik istilochilarga qarshi ko’tarilgan xalq ozodlik harakati rahbari. Vizantiyaga qarshi kurashda Vizantiya hukumati siyosatidan norozi bo’lgan qullar, kolonlar, rimlikitaliyalik dehqonlar qo’zg’olonlaridan foydalangan. T. davrida ostgotlar Vizantiya armiyasi ustidan bir necha g’alabalarga erishgan va 542-551 y.larda deyarli butun Italiyani ozod qilgan. Biroq T. imperator Yustinian tomonidan yuborilgan narses boshchiligidagi armiyaga qarshi tura olmagan. Tagina yaqinidagi jangda yarador bo’lib, vafot etgan.