TSIRROZ

TSIRROZ (Yunoncha Yggpoz — sarg’ish, malla rang) — parenximatoz a’zolar (jigar, o’pka, buyrak va boshqalar) biriktiruvchi to’qimalarining zo’r berib o’sishi oqibatida chandiqlanib bujmayishi va shaklining o’zgarishi. Jigar tsirrozi ko’proq uchraydi. Aslida Tsirroz nomi ham kasallangan jigarning sarg’ish tusga kirishidan olingan. Buyrak (nefrosirroz), o’pka (pnevmosirroz) va boshqa a’zolar ham Tsirroz bilan kasallanadi. Tsirroz yuqumli kasalliklar, intoksikasiya, moddalar almashinuvining buzilishi, turli xil yallig’lanish oqibatida kelib chiqadi. Tsirroz bo’lgan a’zoda distrofik o’zgarishlar va nekroz (to’qimaning o’lishi) paydo bo’ladi. Parenxima o’lgan joyda biriktiruvchi to’qima o’sib, chandiqlanadi, betartib regeneratsiya o’choklari hosil bo’ladi. A’zo, odatda kichrayib (kattalashuvi ham mumkin), qattiqlashadi va yuzasi g’adir-budur bo’lib qoladi.