TSIVILIZATSIYA

TSIVILIZATSIYA (lotincha cuvilis) – (fuqarolikka, davlatga taalluqli), tamaddun— 1) keng ma’noda — ongli mavjudotlar mavjudligining har qanday shakli; 2) madaniyat so’zining sinonimi. Bu termin ko’pincha moddiy madaniyat ma’nosida ham qo’llaniladi; 3) madaniyatning zamon va makonda chegaralangan tarixiy tipi (Misr Tsivilizatsiyasi, Mesopotamiya Tsivilizatsiyasi va boshqalar); 4) yovvoyilik va vahshiylikdan keyingi ijtimoiy taraqqiyot bosqichi. “Tsivilizatsiya” tushunchasi 18-asrda “madaniyat” tushunchasi bilan uzviy bog’liq ravishda paydo bo’lgan. Frantsuz faylasuf ma’rifatparvarlari aql va adolatga asoslangan jamiyatni Tsivilizatsiyalashgan jamiyat deb bilganlar. Ko’pchilik faylasuflar “Tsivilizatsiya” deganda jamiyatning moddiy-texnika yutuqlarini, “madaniyat” deganda esa faqat uning ma’naviy qadriyatlarini tushunishgan. Ulardan ayrimlari bu tushunchalarni bir-biriga qarama-qarshi qo’yganlar. Chunonchi, O. Shpengler fikricha, “Tsivilizatsiya” har qanday madaniyat taraqqiyotining muayyan tugal bosqichini bildiradi. Tsivilizatsiyani bunday davr tanazzuli sifatida tushunish madaniyatning bir butunligi va tabiiyligiga ziddir.