Uayt (White) Patrik Viktor Martindeyl
Uayt (White) Patrik Viktor Martindeyl (1912.28.5, London — 1990, Avstraliya) — Avstraliya yozuvchisi. Kembrij universitetini tugatgan (1935). 1940-45 yillar Britaniya aviatsiyasida xizmat qilgan. 1946 yildan Avstraliyada yashagan. Birinchi romani — “baxtli vodiy” (1939). Ikkinchi romani — “tiriklar va o’liklar” 2-jahon urushi yillari yaratilgan. Urushdan keyin “Abissiniyaga qaytish” va “soxta dafn” pyesalarini yozgan. “Xolamning sarguzashti” romani AQShda yaxshi baholangan. Asar o’z ichki dunyosiga berilib aqldan ozgan Gudmen ismli ayol haqida. “Inson shajarasi” (1955) romani erkak va ayolning oilaviy tarixi haqida bo’lib, yozuvchi oddiy kishilar hayoti misolida insoniy hayotning ulug’vorligini aks ettirgan. Uayt “Tumor” (1966), “Vivisektor” (1970), “Bo’ron ko’zi” (1973) kabi romanlar muallifi. Novellalar ham yozgan (“kuyganlar” va boshqalar). So’nggi asarlari: “yaproqdan yasalgan belbog'” (1977), “Tuaynbernlar bilan bo’lgan chigal ish” (1979) romanlari, “Tom to’sinidagi Xudo” (1978) she’rlar to’plami. Xilmaxil nutqiy qatlamlar va ohanglarning, poetik ramzlar va “ayovsiz” realizmning, ko’tarinki ruh va mubolag’aning o’zaro qo’shilib ketishi Uayt uslubiga xos xususiyatdir. Nobel mukofoti laureati (1973).