Udmurt tili

Udmurt tili — Perm tillaridan biri. Rossiya Federatsiyasining Udmurtiya Respublikasida, qisman Boshqirdiston va Tatariston respublikalarida, Kirov va Perm viloyatlarida hamda Qozog’iston, Ukraina, O’zbekiston va Belorussiya respublikalarida tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 747 ming, jumladan, Udmurtiyada 497 ming kishi (20-asrning oxirlari). Udmurt tilining 2 lahjasi bor: shimoliy (bir qancha shevalar hamda bessermyan etnik guruhining tili) va Janubiy (Udmurtiya Janubdagi shevalar hamda Vyatkaorti va Kamaorti shevalari). Udmurtiyaning o’rta hududlarida oraliq shevalar ham uchraydi. Udmurt tili boshqa Perm tillaridan ba’zi unlilar va undoshlarning qo’llanish o’rni (masalan, o ning so’zning faqat birinchi bo’g’inida kelishi), urg’uning so’zdagi oxirgi bo’g’inga tushishi, 2 xil tuslanishning mavjudligi, o’ziga xos fe’l shakllari bilan farqlanadi. Leksikasida ko’plab turkiy o’zlashmalar bor. Udmurt tilidagi dastlabki yozma yodgorliklar 18-asrning 30-yillariga mansub. Yozuvi rus grafikasi (kirillisa) asosida 18-asrda yaratilgan. Hozirgi adabiy Udmurt tili shimol va Janub guruh shevalariga mansub grammatik belgilar va leksikaning o’ziga xos qo’shilmasidan iborat.