Ufimtsev Viktor Ivanovich
Ufimtsev Viktor Ivanovich (1899.21.11, Janubiy Uraldagi Shadrinsk shahri yaqinida — 1964.31.12, Toshkent) — O’zbekiston xalq rassomi (1944). Omskdagi rassomlik kursida o’qigan (1917-19). 1933 yildan O’zbekistonda. Hamza teatrida bosh rassom (1933-36), O’zbekiston rassomlar uyushmasining raisi (1940-45). Ufimtsev, asosan, tarixiy janrda ijod qildi, dolzarb mavzularga hozirjavoblik bilan asarlar yaratdi, asarlarida O’rta Osiyo xalqlari hayotini aks ettirdi: “Turksib” (1931), “Qahramonnoma” (1936), “Jangovar reja” (1940); “Toshkent harbiy shahar” (1943) asarlar turkumi, “Yer va kelajak haqida” (1957), “Buxoroyi sharif” (1957), “hayot guli” (1963), “oldingi qatorda” (1964) va boshqalar. Natyurmortlar (“moviy ryumkali natyurmort”, 1949; “Siren”, 1950; “dala gullari”, 1952; “Moviy gullar”, 1954 va boshqalar), hajviy plakatlar va boshqa asarlar yaratgan, spektakllar (“mening do’stim”, 1934; “Nomus va muhabbat”, 1936 va boshqalar)ni badiiy bezagan. Xorijiy mamlakatlarda bo’lib, taassurotlari asosida kartinalar (masalan, “Hindiston” turkumi va boshqalar) yaratgan.