Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bog’i
Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bog’i — Toshkent viloyatining Bo’stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlarining tog’li hududlarida joylashgan milliy bog’. 1990 yilda tashkil etilgan. Umumiy maydoni 574,6 ming gektar, shu jumladan 56,4 ming gektar o’rmonlar bilan qoplangan; archazorlar 64679 gektar, shumtolzorlar 139 gektar, zarangzorlar 565 gektar, bodomzorlar 1670 gektar, oq qayinzorlar 985 gektar, yong’oqzorlar 1424 gektar, yovvoyi olmazorlar 1451 gektar, do’lanazorlar 2056 gektar. Umuman milliy bog’da 70 dan ortiq daraxt va 80 gektar yaqin buta turlari o’sadi. O’simliklar turi 1000 dan ortiq. O’rmonlar asosan shimol va Sharqiy qiyaliklarda. Janubiy qiyaliklar siyrak daraxtzorlar yoki qalin butazorlardan, ko’pincha yaydoq yerlardan iborat. Milliy bog’ning hayvonot dunyosi ham har xil va boy: to’ng’iz, tog’echkisi, qo’ng’ir ayiq, bo’ri, tulki, quyon va boshqa hayvonlar, kaklik, qirg’ovul, kaptar, burgut, zaxcha, chug’urchuq kabi har xil qushlar bor. Milliy bog’iqlimi kontinentalligi bilan ajralib turadi. O’rtacha harorat qishda -14,5° dan -32° gacha, yozda 33,5° dan 42° gacha yetadi. Yillik yog’ingarchilik miqdori 400 mm dan 900 mm gacha. Milliy bog’da pastki tog’lik (900— 1500 metr), o’rta tog’lik (1500 — 2400 (2600) metr), baland tog’lik (2600— 3000 metr), Alp (3000 metrdan yuqori), subalp (3200-3800 metr) poyaslari mavjud. Milliy bog’ hududida Ugom, Ko’ksuv, Chatqol, Chirchiq, Ohangaron daryolari va juda ko’p soy va soyliklar bor. Daryolar sohillari va soyliklar atroflarida oromgoxlar tashkil etilgan, suv omborlari, Chorvoq GES, Xo’jakent GES, G’azalkent GESlari bor. Abdushukur Xonazarov.