Umar Xayyom
Umar Xayyom (taxallusi; asl ism-sharifi G’iyosiddin Abulfath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriy) (1048.18.5 Nishopur 1131.4.12) — matematik, astronom, faylasuf, hakim va mutafakkir shoir. Nishopurda boshlangich ma’lumotni olgach, Balx, Buxoro va Samarqandda tahsil ko’rgan. Malikshoh va Nizomulmulk (1019-92) da’vati bilan 1074 yilda Isfahonda rasadxona qurdirgan va unga rahbarlik qilgan. Yulduzlar jadvali (Zij), 1079 yilda yangi isloh qilingan taqvim (kalendar) tuzgan. Bu taqvim Yevropada undan 500 yil keyin joriy qilingan Grigoriy kalendaridan ham aniqroq bo’lgan. Umar Xayyom ilmda ham, ijodda ham o’zini Shayx urrais Abu Ali ibn Sinoning hassos va sadoqatli shogirdi hisoblagan. Ibn Sino asarlarini tushunmagan kishilar ularni izohlash va sharhlashni undan so’raganlar. U ustozining bir qator asarlarini arabchadan forschaga tarjima qilib, sharhlab bergan, uning g’oya va qarashlarini davom ettirgan hamda targ’ib qilgan. “Risolat ulkavn vattaklif” (“Koinot va uning vazifalari haqida risola”), “risola filvujud” (“Borliq haqida risola”), “risola Fi kulliyoti vujud” (“borliqning umumiyligi haqida risola”) kabi falsafiy asarlarida Ibn Sinoning vorisi va izdoshi sifatida namoyon bo’lgan. 1077 yilda u Gonon olimi Evklid kitobidagi bir necha geometrik shakllarni sharhlab yozgan “risola Fi sharhi mo Ashkala min musodarat kitob uliklidis” (“Evklid kitobi muqaddimalaridagi mushkulotlar sharhi haqida risola”) asarida butun sonlarning ildizini topish yo’llarini ko’rsatib bergan. “Risola filbarohiyn ala masoyil aljabr valmukrbala” [“Algebra va muqobala (qarshilik nazariyasi) isbotlari haqida risola”], “mushkulot ulhisob” (“arifmetika mushkulotlari”) asarlarida u yunon olimlarining aniq fanlarga oid fikrlarini arab tilida keng sharhlash bilan birga, ularning qarashlarini rivojlantirgan, matematik, fizik tenglamalarning modellarini topgan. 12-asr fors nasrining Nodir namunasi hisoblangan “Navro’znoma” asarida Navro’zning kelib chiqish tarixi, Sharq xalqlarining bu bayram bilan bog’liq an’ana va marosimlari keng yoritilgan, ko’plab hikoyat va rivoyatlar keltirilgan. Umar Xayyomga uning ruboiylari jahonshumul Shuhrat keltirgan. Ularda shoir dunyo, odam haqida, hayot mazmuni haqida fikr yuritadi. Ruboiylarida u materiyaning bir holatdan ikkinchi holatga o’tishi, eskining yemirilib, yangining paydo bo’lishini (kulol, ko’za, tuproq haqidagi ruboiylar va hokazolar) ifodalaydi. Umuman, ishq va hayot, inson tafakkurining qudrati, umrning ma’nosi, insoniy fazilat va qusurlar, ma’rifat va jaholat kabi mavzular shoir ruboiylarining asosini tashkil etadi. Tez-tez uchrab turadigan may obrazi esa ilohiy muhabbat, hayot lazzatlarini ulug’lash vositasidir. Firdavsiy masnaviyni, Hofiz g’azalni qanchalik takomilga yetkazgan bo’lsalar, Umar Xayyom ham ruboiyni shunchalik yuksak mavqega ko’tardi. Umar Xayyom ruboiylari dunyoning deyarli barcha asosiy tillariga tarjima qilingan. Bu ruboiylar o’zidan keyingi Sharq adabiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. 19-asrdan G’arbda ham mashhur bo’lgan. Aynan u tufayli ruboiy jahon so’z san’atining mashhur janrlaridan biriga aylangan. U o’zining falsafiy jihatdan teran va sermazmun ruboiylari bilan Sharq she’riyatida falsafiylikning chuqurlashuviga katta hissa qo’shgan. Amerikada Umar Xayyom asarlari asosida teatrlashtirilgan sahna asari, Londonda maxsus xayyomxonlar saroyi mavjud. Ularda shoir ruboiylari ham aslida, ham tarjimada badiiy so’z ustalari, mohir notiqlar tomonidan o’qiladi. Sharqda bunday sahna asari — “O’zo’zim bilan suhbat” Tojikiston xalq artisti Mahmudjon Vohidov tomonidan yaratilan. Sherali Jo’rayev, Farrux Zokirovlar ham Umar Xayyom ruboiylari asosida qo’shiqlar yaratganlar. Umar Xayyom ruboiylarini 20-asr boshlaridan o’zbek tiliga tarjima qilishga kirishilgan. 1914 yil “Sho’ro” jurnalining bir necha sonlarida shoirning ruboiylari ilmiy sharhi bilan nasriy tarjimada e’lon qilingan. Fitrat “Fors shoiri Umar Xayyom” nomli risolasida (1929) uning 35 ta ruboiysini nasriy tarjimada keltirgan. Keyinchalik F.Abdullayev uning 14 ta ruboiysini she’riy tarjima qilgan. Umar Xayyom ruboiylari tarjimasi asosan Sh. Shomuhamedov nomi bilan bog’liq: shoir ruboiylari uning tarjimasida bir necha marta bosilib chiqqan. So’nggi yillarda Umar Xayyom ruboiylarining J.Kamol, E.Ochilovlar tomonidan aruzda qilingan yangi tarjimalari paydo bo’ldi.