Umidjonov Botir Hoshimovich

Umidjonov Botir Hoshimovich (1933.31.1, Dushanbe 2004.2.9, Toshkent) — xor dirijyori, kompozitor. O’zbekiston xalq artisti (1982). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1960). O’zbek davlat filarmoniyasida xor xonandasi va xor-meyster (1952— 60), O’zbekiston televideniye va radiosining xor jamoasi tashkilotchisi, badiiy rahbari va bosh dirijyori (1960-93). Muqimiy teatrida xormeyster (1995-2000). Dirijyor sifatida o’ziga xos, milliy an’analarga asoslangan xor ijrochiligini yaratishga muvaffaq bo’lgan. Kompozitorlik ijodi Sharq xalqlarining musiqa merosi hamda Yevropa ko’p ovozli (xor) musiqa uslublarining uyg’unlashuviga asoslangan. O’zbekiston xor jamoalarining milliy repertuarini shakllanishiga katta hissa qo’shgan. 100 dan ortiq o’zbek (“Chamanda gul”, “Qilpillama”, “Qora soch”, “Yallama yorim” va boshqalar), tojik (“Diliman”, “Chorbaytxo”, “Ey sanam”), qirg’iz (“Komuzchu”, “oy tobo”), qozoq (“Yapuray”, “Shanibyau”), uyg’ur (“uynamdu yaxshi”), Ozarbayjon (“Tesnif”) xalq qo’shiqlari, shuningdek, mumtoz (“Saraxbori Navo”, “Segoh”, “Chorgoh”) ashula yo’llarini jo’rsiz xor uchun kayta ishlagan. “Asrim sadosi” kantatasi (Oybek; D.Zokirov bilan), “Ipak yo’li” xor turkumi, “oqibat” musiqali drama, romans va qo’shiqlar, kinofilm va radiospektakllar musiqalari muallifi. Yevropa va Osiyo mamlakatlarida gastrolda bo’lgan, bir necha xalqaro xor festivali, Anjuman va tanlovlar qatnashchisi. Ijrolari O’zbekiston radiosi fonojamg’armasida saqlanadi.