Urdu adabiyoti

Urdu adabiyoti – Hindiston va Pokistonda urdu tilida yaratilgan adabiyot. 18-asrning oxirigacha Urdu adabiyoti va tili “hindaviy”, “dakhiniy” deb yuritilgan. Urdu adabiyotining paydo bo’lishiga Islom falsafasi, hind va fors adabiyotining ta’siri katta. M.S. Salmon (1046— 1121) she’rlari, X.J. Sumnoniyning “Tasavvuf odobi” (12-asr) asari Urdu adabiyotining ilk namunalaridir. Urdu adabiyoti fors adabiyoti ta’sirida qasida, marsiya, g’azal, ruboiy, masnaviy kabi janrlar bilan boyidi. Xusrav Dehlaviy Urdu adabiyoti poetik an’analarini yuqori pog’onaga ko’tardi. Dexli sultonligining kuchsizlanishi va Dekanda mustaqil musulmon davlatlarining vujudga kelishi natijasida Janubiy Hindiston (dekan) da Urdu adabiyotining markazlari paydo bo’ldi. X.B. Gesudarozning “Me’roj uloshiqin”, Vajhiyning “sabras” kabi asarlari yaratildi. 15-17-asrlarda Urdu adabiyoti Bijapur, Golkonda, Vijaynagar va boshqa joylarda keng rivojlandi. Bu davrda Muhammad Ali Qutbshoh (taxminan 1568-1611), Ibrohim Odilshoh (1580— 1627), Nusratiy, G’avvosiy, Ibn Nishotiy va boshqalar Urdu adabiyoti rivojiga munosib hissa qo’shdilar. 18-asrda Urdu adabiyoti Hindistonning shimolida ham taraqqiy etdi. Janubiy Hindistonda yashab ijod etgan mashhur shoir Vali Avrangobodiy (taxminan 1668 — 1744)ning Dexliga kelishi (1700) Janubiy va shimoliy UrDUning birlashib ketishiga sabab bo’ldi. Bu yerda Vali Avrangobodiy bilan bir qatorda Xotim (1699— 1791), Shoh muborak Abro’ (vafoti 1750), Arzu (1689-1756), Fayz Dexlaviy (18-asr boshlari), Mir Toqiy Mir (1724— 1810) kabilar Dexli maktabining ravnaqiga munosib ulush qo’shdilar. Boburiylar hokimiyati tanazzulga yuz tutgach, adabiy markaz Lakhnauga ko’chdi. 18-asr Shimoliy Hindistonda nasrchilik an’anasi paydo bo’la boshladi. Diniy mavzudagi asarlar va Qur’oni sharif tarjimalari bilan bir qatorda xalq dostonlari ham tarqaldi. Urdu nasrining rivojida Fortvilyam (1800 yilda asoslangan) va Dexli kolleji (1827 yilda asoslangan) ning faoliyati munosib o’rin tutadi (Mir Ammon Dexlaviyning “bog’u bahor” asari, O’zbekcha tarjimasi T., 1971). 1739 yilda Nodirshohning Dexlini talon-toroj qilishi va mamlakatning inglizlar tomonidan bosib olinishi oqibatida Urdu adabiyotida fojia kayfiyati paydo bo’ldi (Mir dard, 1721-1785). Mirza Savdo (1713-1780) ning ijodida mamlakatning xonavayron bo’lishi va tushkunlik aks etdi. Mir Toqiy asarlarida dardalam ifodalandi. Insonparvarlik g’oyalari Nazir Akbarobodiy (1740— 1830)ning she’riyatida namoyon bo’ldi. Hindiston xalqlari mustaqillik uchun kurash olib borayotgan bir davrda Mirzo g’olib Urdu adabiyotida yangi sahifa ochdi, urdu badiiy Nasrini shakllantirdi. Tanikli ma’rifatparvar va yozuvchi Sayd Ahmad Xon (1817-1898)ning faoliyati Urdu adabiyotining rivojlanishida muhim rol o’ynadi. Ma’rifatparvarlik harakatining 19-asr oxirlaridagi bosqichida roman asosiy nasriy shakl sifatida maydonga chikdi [Nazir Ahmad (1836 — 1912)ning “Kelin ko’zgusi”, “nosih tavbasi”; Mirzo Rusvo (1858— 1931) ning “zoti sharif”; Abdul Halim sharar (1860— 1926)ning “Malikul Aziz va Varjana”, “Mansur va Mo’hana”, “yerdagi jannat” va boshqalar]. 20-asr urdu she’riyatida Muhammad Iqboyannng falsafiy she’riyati alohida o’rin tutadi. U “bongi Daro”, “Sharq Payomi”, “Manguliknoma” kabi asarlarida hayot va jamiyatdagi ziddiyatlarni keng aks ettirdi. Bu davrda Urdu adabiyotiga ijtimoiy g’oyalar kirib keldi. Premchand an’anaviy romantik qahramonlarni zamonaviy hind voqeligiga yaqinlashtirdi. 1936 yil Hindiston taraqqiyparvar yozuvchilari assosiasiyasi tuzildi. Bu assosiasiya faoliyatini S. Zohir, A.S. Ja’fariy, F.A.Fayz, K. Chavdar, R.S. Bediy singari ijodkorlar rivojlantirdilar. Mustaqillikka erishgandan so’ng (1947) Urdu adabiyotida yangi davr boshlandi — Urdu adabiyoti Hindiston va Pokistonda rivojlana boshladi. Hindistonda ijtimoiy-realistik an’analarni R.S. Bediy, X.A. Abbos, I.Chug’taiy, K. Chandar kabi yozuvchilar davom ettirdilar. Urdu adabiyotida 2-jahon urushi mavzusi ham aks etdi. S. Zohir, A.S. Ja’fariy, F. Gorakhpuriy, M. Sultonpuriy, J. Murodobodiy, Q. Rayis Urdu adabiyotiga munosib hissa qo’shdilar. Pokistonda Urdu adabiyotining atoqli vakillari: F.A. Fayz, J. Malihobodiy, A.N. Qosimiy, F. Buxoriy, A. Faroz va boshqalar. S.H. Mantu, F. Abbos, M. Adib, M. Mufti kabi yozuvchilar hikoya janrini rivojlantirdilar. So’nggi o’n yillarda K. Naqid, A. Ja’fariy, F. Riyoz, Z. Nigoh, H. Jolib, I. Orif va boshqa shoirlar salmoqli asarlar yaratdilar. Romannavislardan Aziz Ahmad, Xadija Mastur, Shavkat Siddiqiy, Intizor Husaynlarning nomi mashhur. Har ikkala mamlakatda ham urdu tilida adabiy jurnallar nashr etilmoqda. Hindistonda: “Shohroh”, “yangi adabiyot”, “shoir” va boshqalar. Pokistonda: “Afkor”, “Funun”, “avroq”, “sip” va boshqalar. As: Hindiston yozuvchilarining hikoyalari, T., 1958; Premchand, Qismat [roman], T., 1962; Mirzo Ras vo, bir xonim sarguzashti, T., 1965; Mirzo G’olib, G’azallar, T., 1972; Chandar K., Xotiramdagi chinorlar, T., 1986. Ad.: Xuseyn E., Istoriya literature urdu, M., 1961; Glebov N., Suxochev A., Literatura urdu, M., 1967.