Urganch

Urganch (1929 yilgacha yangi Urganch) — Xorazm viloyatidagi shahar, viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Amudaryoning quyi oqimi chap sohilida. Shovot kanali shahar o’rtasidan o’tib, Urganchni shimol va Janubiy qismlarga ajratgan. Shimol qismida, asosan, turar joy binolari, ilmiy va madaniy maorif muassasalari, maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari, Janub qismida esa ishlab chiqarish korxonalari joylashgan. Har ikkala sohil bir-biri bilan ko’priklar orqali bog’langan. Aholisi 136,8 ming kishi (2004). Shaharga 1646 yilda Xiva xoni Abulg’oziy Bahodirxon tomonidan asos solingan. Amudaryo o’z yo’nalishini o’zgartirib Orol dengizi tomon oka boshlaganidan so’ng Gurganj shahri (Ko’hna Urganch) suvsiz qolgan. Abulg’oziy Bahodirxon Gurganj, vazir qal’a (shahar)larida va ular atroflarida tarqoq holda yashagan aholini ko’chirib Amudaryoning Janub qismlarida joylashtirgan va aholi o’rnashgan hudud atrofini qal’a devori bilan mustahkamlab unga “Toza Urganch”, ya’ni “yangi Urganch” deb nom bergan. Shundan keyin qadimgi Gurganj shahrining nomi ko’hna Urganch bo’lib qoldi. Yangi Urganch bilan ko’hna Urganch oralig’i 170 kilometr. Yangi Urganch (hozirgi Urganch) shahri Buyuk ipak yo’lida joylashganligi tufayli tez sur’atlar bilan rivojlangan savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Abulg’oziy Bahodirxonning ugli Anushaxon (Anushoh) davrida (1664— 89) yangi Urganch yaqinida katta kanal qazilib, unga Shohobod (Shovot) nomi qo’yilgan. Mahalliy tarixchi olimlarning ma’lumotlari bo’yicha, yangi Urganch 17-18- asrlarda balandligi 4-5 metrli devor bilan o’ralgan qo’rg’on (shaharcha) bo’lgan. Shaharchada taxminan 5 ming kishi yashagan; ko’plab mayda do’konlar, ustaxonalar ishlab turgan. 1873 yil avgust oyida Turkiston viloyati gazetasida yangi Urganch haqida: “kattaligi Orol bo’yidagi Kazalinskiy shahricha keladi, atrofi qal’a devorlari bilan o’rab olingan, Amudaryodan 12 chaqirim narida joylashgan kichkina shahar. Orol dengizidan to Xivaga kelguncha Urganchdek go’zal shahar yo’q. U bog’lar va ariqlar bilan o’rab olingan”, deb yozilgan. O’sha davrda Yangi Urganchda 6 mingga yaqin aholi yashagan. 1889 yilda shaharda Yaroslavl manufakturasi korxonasiga qarashli paxta tozalash zavodi, 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida “Xayriya jamiyati”, Rus-Osiyo banki, rus-tuzem maktabi, xotin-qizlar maktablari ochildi. 1931 yilda viloyat teatri Xiva shahridan Urganchga ko’chib o’tdi. 1935 yilda shaharda o’qituvchilar instituti faoliyat ko’rsata boshladi. 1952 yilda Chorjo’y Urganch— Qo’ng’irot temir yo’l qurib bitkazildi. 1959 yildan Urganch Taxiatosh elektr energiyasini ola boshladi, 1963 yilda O’rta Osiyo — Markaz magistral gaz quvuriga ulandi. Shahar nomining kelib chiqishi miloddan avvalgi 7-6-asrlarga borib taqaladi. “Avesto” kitobida Vurukash (Orol) dengizi bo’yida Urga (Urva) shahri bo’lganligi qayd etilgan. Tabiiy ofatlar (suv toshqini, qurg’oqchilik) tufayli Urga hozirgi Ko’hna Urganch hududiga ko’chirilgan. 8-asrgacha “Gurganj” nomi bilan yuritilgan. 712 yilda shahar arablar tomonidan bosib olinganidan keyin “Jurjoniya” deb ataldi. 1221 yil mo’g’ullar egallagandan so’ng shahar nomi Urganch shaklida yuritila boshladi. 14-asr Yevropa manbalarida shahar (Ko’hna Urganch) Wrgant shaklida tilga olinadi. Mustaqillik yillarida Urganchda qurilish ishlari avj oldi. Urganchning shimoliy g’arbiy qismida “Navro’z”. “Taraqqiyot” “Universitet” shaharchalari paydo bo’ldi. Urganch—Xiva oralig’ida 30 kilometrli trolleybus qatnovi (1997) yo’lga qo’yildi. Urganchda paxta tozalash, ekskavator, o’t o’rish mashinalari ishlab chiqarish, “Urganchyog'” zavodlari, pillakashlik, tikuvchilik, poyabzal fabrikalari, Uzbekistan—Turkiya “Nurtop” qo’shma korxonasi va boshqalar faoliyat ko’rsatdi. Universitet, Toshkent birinchi tibbiyot institutining filiali, 36 umumiy ta’lim, 3 musiqa, 2 kasb-hunar maktablari, 8 kasb-hunar kolleji mavjud. Viloyat musiqali drama va komediya teatri, kartinalar galereyasi, 27 kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i, “Olimpiya” sport majmuasi, stadionlar, sport zallari va maydonchalari, tennis kortlari bor. 21 kasalxona, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. 4 sanatoriy, dam olish maskanlari ishlab turibdi. 1992-2003 yillarda “Buyuk allomalar xiyoboni”, “Al-Xorazmiy”, “Al-Beruniy”, “Amir Temur”, “Mirzo Ulug’bek”, “Abulg’oziy Bahodirxon”, “Ogahiy”, “Komiljon Otaniyozov”, “Avaz o’tar o’g’li”, “Xumo qushi”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Avesto” yodgorlik majmualari bunyod etildi. 1999 yilda shaharda Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi, 2001 yilda “Avesto” kitobi yaratilganligining 2700 yillik yubileylari xalqaro miqyosda nishonlandi. 2003 yilda shaharda tantanali ravishda Xorazmda “Umid nihollari” respublika sport musobaqalarining o’tkazilishi munosabati bilan bir qancha yirik sport inshootlari bunyod etildi. Qadimgi Xiva bilan bog’liq holda turizm rivojlangan. Mahalliy va xorijiy mehmonlar va sayyohlarga “O’zbekturizm” kompaniyasining bo’limi, “Jayhun”, “Xorazm Palas”, “Avesto” mehmonxonalari xizmat ko’rsatadi. Shaharda 27 nomda gazeta va jurnallar (jumladan, “Xorazm haqiqati”, “Urganch oqshomi”, “yoshlar ovozi”, “Tujjor” va boshqalar) nashr etiladi. Me’moriy yodgorliklardan Doshqinbobo me’moriy majmuasi (1827), Salimjonovlar uyi (1902), pochta binosi (1915), Boboxun Salimov uyi (20-asr boshi) va boshqalar saqlangan. Ad..Abulg’ozi y , Shajarai turk, T., 1991; Nurjanov K., Matnazarova G., Xorazm tarixi, 1-2 j., Urganch, 1995; Mamedov M.A., Muradov R.G., Srednevekovie pismennie istochniki o Drevnem Urgenche, Ashxabad, 2000.