Urganch universiteti, Al Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti

Urganch universiteti, Al Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti — O’zbekistonda ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1935 yil iyulda Urganch shahrida to’liqsiz oliy ma’lumotli o’qituvchilar tayyorlash instituti sifatida tashkil etilgan. Dastlab 2 (fizika matematika, o’zbek tili va adabiyoti) fakultet bo’lib, ularda 64 talaba ta’lim olgan, 10 dan ortiq o’qituvchi faoliyat ko’rsatgan. 1942 yil o’qituvchilar tayyorlash instituti Xorazm pedagogika institutiga aylantirilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan 1992 yil 15 martda Xorazm pedagogika instituti negizida Urganch universiteti tashkil etildi. Shu yili universitetga Al-Xorazmiy nomi berilgan. Universitet tarkibida 10 fakultet (o’zbek Filologiyasi, tarix va huquq, fizika va matematika, jismoniy madaniyat, pedagogika, muhandislik-texnika, jahon tillari, tabiatshunoslik, iqtisod, Agromenejment), Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, til o’rganish mintaqaviy markazlari, biznes maktab, akademiklitsey, 35 kafedra, ma’naviyat va ma’rifat, xalqaro aloqalar, noshirlik, aspirantura, magistratura bo’limlari, O’zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti, Axborot texnologiyalari va masofaviy ta’lim markazlari, 18 o’quv laboratoriya, “Ijodkor”, “Texnolog”, “Rassomlik” o’quv ustaxonalari, sport majmuasi bor; kutubxonasida 170 mingdan ortiq asar saqlanadi (2004). Universitet 32 yo’nalish [tarix, iqtisodiyot (Makroiqtisodiyot), kasbiy pedagogik tayyorgarlik (buxgalteriya hisobi va audit), boshlang’ich ta’lim va tarbiyaviy ish, chizmachilik, tasviriy va amaliy san’at, manzarali amaliy san’at va xalq hunarmandchiligi, pedagogika va psixologiya, musiqa ta’limi va estetik tarbiya, kasbiy ta’lim (mehnat ta’limi), matematika, amaliy matematika va informatika, axborot va axborot texnologiyasi, fizika, geografiya, kimyo, qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarish, me’morlik, romangerman Filologiyasi va boshqalar] bo’yicha bakalavrlar, 16 ixtisoslik [lingvistika (o’zbek tili, nemis tili, ingliz tili), adabiyotshunoslik (o’zbek adabiyoti, rus adabiyoti), umumiy tarix, matematik tahlil, differentsial tenglamalar, bioekologiya, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya, Makroiqtisodiyot va boshqalar] bo’yicha magistrlar tayyorlaydi. 2003/04 o’quv yili universitetda 6493 talaba ta’lim oldi, 84 magistr, 16 aspirant, 2 doktorant ilmiy faoliyat olib bordi, 330 dan ortiq o’qituvchi, jumladan, 1 O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik, 21 fan Doktori va professor, 140 ga yaqin fan nomzodi va dotsent ishladi. Universitet bir qancha xorijiy davlatlarning nufuzli universitet va institutlari bilan hamkorlik qiladi. Universitet faoliyati A.Sa’dullaev, N.Qalandarov, O.Madrahimov, R.Jumaniyozov, A.Hasanov, M.Jumaniyozov, R.Eshchonov va boshqa professor-o’qituvchilar nomi bilan bog’liq. Tashkil bo’lgandan beri 30 mingga yaqin mutaxassis tayyorladi. Universitetda 2001 yildan “Ilm sarchashmalari” jurnal, “Xorazm yoshlari” nashri chop etiladi.