Urologiya

Urologiya (uro… va … logiya) — klinik tibbiyot sohasi; siydik a’zolari sistemasi, jinsiy a’zolar kasalliklarini, ularning kelib chiqish sabablarini o’rganadi, shuningdek, bu kasalliklar diagnostikasi, davosi hamda oldini olish usullarini ishlab chiqadi. Urologiya 20-asrda xirurgiyadan mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Urologik kasalliklar qadimdan ma’lum. Abu Ali ibn Sino qovuqdagi toshlarni tushirish sir-asrorlarini bilgan. Lekin ilmiy Urologiya 19-asrda shakllandi. 1869 yilda G. Simon (Angliya) birinchi marta siydik nayini kateterlash, kasallangan buyrakni operatsiya yo’li bilan olib tashlashga muvaffaqbo’ldi. Frantsiyalik F.J. Gyuyon, L. Merse, J. Albarran; angliyalik G. Tompson, P. Freyer; avstriyalik L. Dittel Urologiyaning rivojiga munosib hissa ko’shdilar. Urologiyaning rivoji, asosan, tsistoskopiya va rentgen nurlari orqali tekshirish usullarining kashf etilishi bilan bog’liq. 20-asrda diagnostika va davolashning yangi usullari — xromosistoskopiya (F.Felker va E. Iozef, Germaniya, 1903), retrograd pielografiya (A. Lixtenberg va F. Felker, Germaniya, 1906), ekskretor urografiya (M. Svik, A. Lixtenberg, Germaniya. 1929) va boshqalar ishlab chiqildi. Buyrak yetishmovchiligida Gollandiyalik olim V. Kolf klinikada birinchi marta sun’iy buyrak ishlatdi (1944). O’zbekistonda Urologiyaning rivoji 1924 yilda O’rta Osiyo universitetining tibbiyot fakultetida urologiya kafedrasi hamda 25 o’rinli urologiya klinikasi tashkil etilishi bilan bog’liq. 60-70-yillarda radiologik, angiografik, urodinamik, kompyuter tomografik tekshiruvlarning amaliyotga kirib kelishi bilan Urologiyada jarrohlik usullari takomillashdi; tur, perkutan operatsiyalar, buyrak toshlarini masofadan parchalash yo’lga qo’yildi. Hozirgi kunda laparoskopik operatsiyalar keng qo’llanmoqda. Bunda O.M. Muxtorov, I.P. Pogorelko, T.N. Pozdnyakova, D.L. Arustamov va boshqalarning hissasi katta bo’ldi. Toshkentdagi Urologiya klinikasi asosida 1990 yil Respublika urologiya ilmiy markazi tashkil etildi, 2002 yilda u Respublika ixtisoslashgan urologiya markaziga aylantirildi. 1932 yildan Tashkent Vrachlar malakasini oshirish institutida urologiya kafedrasi va klinikasi faoliyat ko’rsatmoqda. 1997 yil klinika qoshida Toshkent shahri urologiya markazi tashkil etildi, unda O’zbekiston Respublikasi viloyat hamda tuman shifoxonalarida Urologiya bo’limlarini ochish, ularni malakali kadrlar va mutaxassislar bilan ta’minlash ishlari amalga oshiriladi. Respublika klinikalarida urologik kasalliklarga tashxis qo’yish va davolashda ultratovushli skenirlash, ularning endoskopik va rentgenologik apparatlar, tashqi to’lqin yordamida buyrak va siydik yo’li toshlarini maydalash dastgohlari bilan jihozlanishi Urologiya sohasining jahon talablari darajasiga ko’tarilishiga imkon berdi. Yirik kasalxonalar tarkibida nefrologiya bo’limlari va markazlarining tashkil etilishi tufayli o’tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan bog’liq tadqiqotlar rivojlandi. O’tkir buyrak yetishmovchiligida “sun’iy buyrak” apparati yordamida qonni tozalash (gemodializ) usuli ishlab chiqildi. So’nggi yillarda Respublikamizda shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda viloyat Markaziy shifoxonalari qoshida Urologiya bo’limlarining ochilishi O’zbekistonda Urologiyaning rivojlanishida muhim bosqich bo’ldi.