URUG’CHILIK

URUG’CHILIK — o’simlikshunoslikning navdor urug’likni yalpi ko’paytirish bilan shug’ullanadigan tarmog’i; fan va ishlab chiqarish sohasi. Urug’chilik urug’shunoslik va selektsiya bilan chambarchas bog’liq. Nav yangilash, nav almashtirish uchun qishloq xo’jalik ekinlarining yuqori sifatli navdor urug’ligini yetishtirish usullarini ishlab chiqish va ekinlar urug’ini yalpi ko’paytirish bilan shug’ullanadi. Urug’chilikning asosiy vazifalari — yangi va rayonlashtirilgan naviarning qimmatli xo’jalik sifatlarini saqlagan navdor uruglik yetishtirish; yangi navlarni takomil lashtirish; barcha xo’jaliklarni yuqori sifatli urug’lik bilan ta’minlash; yangi navlarni jadal ko’paytirish, ishlab chiqarishga joriy etish va qulay rayonlarda joylashtirish. Urug’chilik Rossiyada 19-asrning 2-yarmida, O’rta Osiyoda rus olimlari ishtirokida 20-asr boshlarida vujudga kelgan. O’rta Osiyoda birinchi marta 1900 yilda qishloq xo’jalik tajriba stansiyalari tashkil etildi. Ular Turkiston, Andijon, Mirzacho’l, Ashxobod tajriba stansiyalari bo’lib, ularda, asosan, g’o’za bo’yicha ish olib borilgan edi. 1910 yilda Turkiston tajriba stantsiyasida (hozirgi R. R. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti) don ekinlarining Turkiston mahalliy navlari ekilib, birinchi marta selektsiya-urug’chilik nuqtai nazaridan o’rganila boshlandi. O’rta Osiyoda g’o’za bo’yicha Urug’chilik 1910 yilda tajriba muassasalarida urug’lik ekinzorlari tashkil etila boshlagandan keyin paydo bo’ldi. 1921-34 yillarda Urug’chilik va selektsiyaning yagona tizimi ishlab chiqildi. 1925— 26 yillarda ilmiy Urug’chilik shakllandi. G’o’za Urug’chiligi bo’yicha ishlar 1925 yildan Turkiston selektsiya va urug’chilikni nazorat qilish stansiyasida olib borildi. 1926 yilda Farg’ona, 1929 yilda Toshkent viloyatlarida sabzavot, poliz ekinlarining navli urug’ligini yetishtirish bo’yicha urug’chilik xo’jaliklari tashkil etildi. 1926-37 yillarda donli ekinlar Urug’chilik bilan Kattaqo’rg’on va Milyutin (hozirgi G’allaorol) tajriba stansiyalari shug’ullandi. 1927 yilda Andijonda birinchi elita ekinzorlari tashkil etildi. 1931 yilda donli ekinlarning navdor urug’ligi uchun davlat standarti tasdiqlandi, davlat navdor urug’lik fondi tuzildi va yangi Urug’chilik tizimi vujudga keldi. 50-60-yillarda ham Urug’chilik tizimini shakllantirish ishlari davom ettirildi. 1965 yilda g’o’za, beda va boshqa o’t ekinlari selektsiyasi va urug’chiligi bilan shug’ullanadigan hozirgi O’zbekiston g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi, 1974 yilda g’alla ekinlari selektsiyasi va urug’chiligi bilan shug’ullanadigan O’zbekiston g’allachilik instituti (sobiq Milyutin tajriba stansiyasi) tashkil etildi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qishloq xo’jalik ekinlarining o’z urug’chilik bazasini yaratish, qimmatli navlarning genofondini saqlab qolish, respublikaning iqlim sharoitlariga moslashgan yangi nav va duragaylarini yaratish, qishloq xo’jaligini serhosil va yuqori sifatli urug’liklar bilan ta’minlash, urug’chilikka jahon tajribasi yutuqlarini joriy etish Urug’chilikdagi asosiy vazifalarga aylandi. Bu masala davlat ahamiyatiga ega ekanligi e’tiborga olinib 1996 yil 29 avgustda O’zbekiston Respublikasining “Urug’chilik to’g’risida” qonuni qabul qilindi. 1999 -2001 yillarda O’zbekiston qishloq va suv xo’jaligi vazirligi tarkibida Respublikada ekiladigan asosiy ekin turlari bo’yicha Urug’chilik boshqarmalari tashkil etildi. O’zbekistonda Urug’chilik tizimining umumiy qoidalariga ko’ra, ilmiy tadqiqot muassasalari (navlar mualliflari) superelita va elita urug’ligini yetishtiradilar (birlamchi Urug’chilik) va ularni ko’paytirish uchun Respublikadagi boshqa ilmiy tadqiqot muassasalarining tajriba xo’jaliklariga va qishloq xo’jalik oliy o’quv yurtlarining o’quv xo’jaliklariga beradilar. Bu xo’jaliklar urug’chilik xo’jaliklarini urug’lik material bilan ta’minlaydilar. Elita urug’chilik xo’jaliklaridagi urug’lik ekinlar dalalarida o’simliklarni yetishtirishda navdor, sara va sifatli urug’lik olishni ta’minlaydigan maxsus texnologiyalar qo’llaniladi. O’zbekistonda shakllangan hozirgi Urug’chilik tizimi mamlakatda bug’doy, g’o’za, makkajo’xori, beda, sabzavot va boshqa navli ekinlar maydonlarini 100% ga yetkazish imkoniyatini yaratdi. Urug’chilikning hozirgi zamonaviy tizimi g’o’za Urug’chiligi, boshoqli don ekinlari Urug’chiligi, sabzavot ekinlari Urug’chiligi, kartoshka Urug’chiligi, qand lavlagi Urug’chiligi, makkajo’xori Urug’chiligi, moyli ekinlari va o’tlar Urug’chiligi va boshqalardan iborat. G’o’za urug’chiligi tizimi quyidagilarni o’z ichiga oladi: navlarni dastlabki ko’paytirish, nav almashtirish, rayonlashtirilgan navlar urug’ini yangilash; urug’lik chigit fondini tayyorlash, chigitni ekishga tayyorlash, xo’jaliklarni urug’lik chigit bilan ta’minlash; urug’chilik nazorati. Rayonlashtirilgan yangi navning chigiti dastlabki ko’paytirishdan so’ng elita urug’chilik xo’jaliklarining elita ko’chatzorlariga ekiladi. Olingan chigit keyingi yili yana xo’jalikda ekilib, ulardan 1-reproduktsiya chigitlari olinadi, ular keyingi yillari urug’chilik xo’jaliklarida ekilib, 2 va 3-reproduktsiya urug’lari yetishtiriladi. 3-reproduktsiya urug’lari shu mintaqadagi boshqa paxtachilik xo’jaliklarida ekiladi. 4-reproduktsiya chigitlari aksariyat texnika maqsadlarida xom ashyo sifatida ishlatiladi. Chigitni ko’paytirishda elitadan 4-reproduktsiyagacha bo’lgan jarayon 5 yil davom etadi. Davlat reestriga kiritilgan g’o’za navlarining elita urug’larini yetishtirish ikki uslubda: nav ichida chatishtirish o’tkazish orqali yoki nav ichida chatishtirish o’tkazmasdan olib boriladi. Boshoqli don ekinlari urug’chiligi tizimi. Respublikada ishlab chiqilgan boshokli don ekinlari urug’chiligi tizimiga asosan, suyuriladigan yerlarda g’alla va dukkakli o’simliklar instituti va uning G’allaorol va viloyat filiallari nav mualliflari bilan birgalikda rayonlashtirilgan va istiqbolli boshoqli don ekinlari navlarining birlamchi urug’chilik tizimini to’la olib borgan xrlda elita urug’chilik xo’jaliklarini superelita urug’lari bilan ta’minlaydi. Viloyatlardagi elita urug’chilik xo’jaliklari elita va 1-reproduktsiya urug’larini yetishtirib maxsus urug’chilik xo’jaliklariga beradi. Ular elita va 1-reproduktsiya urug’larini 4-reproduktsiyagacha ko’paytirib, o’zlari va ularga birkitilgan xujaliklarni navdor, yuqori sifatli urug’lik bilan ta’minlaydi. Sabzavot va poliz ekinlari urug’chiligi tizimi. Sabzavot va poliz ekinlarining deyarli hammasi chetdan changlanib urug tugadi, shu sababli ularning navdor urug’lari o’zga navlardan masofa bilan ihotalangan maydonlarda yetishtiriladi. Bunday navlararo oraliq masofalarning uzoqyaqinligi ekin turiga qarab 50 metrdan 2000 metrgacha (karam, sabzi) bo’ladi. Ikki yillik sabzavot ekinlarining navlari birinchi yilda birbiridan masofa orqali ihotalanmaydi. Urug’lik maydonlarda nav tozalash ishlari olib boriladi. Bodringda nav tozalash ishlari 1-marta o’simlik gullab naycha tuqqanda boshlanadi. Urug’lik mevalar tuliq pisha boshlagandan so’ng dala aprobasiyasi o’tkaziladi. Kartoshka urug’chiligi tizimida respublikada rayonlashtirilgan navlarining navdor hamda birlamchi urug’chiligi, chetdan keltirilgan navlar bo’yicha faqat navdor urug’chilik ishlari olib boriladi. Birlamchi urug’chilik 6 yillik sxemada (boshlang’ich sog’lom o’simlikni tanlab klon olish, klonlarni birinchi yili sinash; klonlarni ikkinchi yili sinash; supersuperelita, superelita; elita) tashkil etilgan. Navdor kartoshka urug’lari “O’zkartoshkanavurug’lari” firma xo’jaliklarida birinchi reproduktsiya, shuningdek, ozuqabop kartoshka yetishtiradigan xo’jaliklarning urug’lik uchastkalarida 2—3-reproduktsiya urug’lari yetishtiriladi. Ekiladigan tuganaklar vazni 60-80 gramm bo’lishi (ayrim hollarda 40-50 grammlilardan ham foydalanish mumkin) talab etiladi. Urug’lik uchun ekilgan maydonlar nav sofligini saqlash uchun fitopatologik tozalanadi — begona navlar hamda kasallangan o’simliklar olib tashlanadi.