Urug’chilik xo’jaligi
Urug’chilik xo’jaligi – rayonlashtirilgan ekinlarning yuqori sifatli navdor urug’larini yetishtiradigan va viloyatlar yoki zonalar xo’jaliklarini urug’lik bilan ta’minlaydigan maxsus xo’jaliklar va ilmiy tadqiqot muassasalarining tajriba xo’jaliklari. Yangi nav urug’ini dastlabki ko’paytirish elita xo’jaliklari va rayonlashtirilgan navlar urug’ini yetishtiruvchi xo’jaliklarga bo’linadi. Urug’chilik xo’jaligi navli urug’larni ilmiy tadqiqot institutlaridan olingan elita yoki superelita urug’lardan ko’paytiradi va xo’jaliklarga I va keyingi reproduktsiya urug’lari yetkazib beradi. Masalan, O’zbekistonda Paxtachilik sohasida 80 ga yaqin, shu jumladan, G’o’za selektsiyasi va urug’chiligi ilmiy tadqiqot institutida yaratilgan navlar bo’yicha 41 ta elita xo’jaliklarida 1 va keyingi reproduktsiyali urug’lar ko’paytiriladi (2001). Har bir elita Urug’chilik xo’jaligi 40-50 ming gektar, yirik xo’jaliklar esa 100-200 ming gektar paxta maydonini 1 reproduktsiyali urug’lar bilan ta’minlaydi.