Usmon Nosir
Usmon Nosir (taxallusi; asl ism-sharifi Nosirov Usmon) (1912.13.11, Namangan — 1944.9.3, Kemerovo viloyati Mariinsk shahri yaqinidagi Suslovo qishlog’i) — shoir. Kambag’al hunarmand oilasida tug’ilgan. 4 yoshidan otasidan yetim qolib, dastlab tog’asi qo’lida tarbiyalangan. 1921 yilda o’gay otasi bilan birga Qo’qonga ko’chib borgan. Shu yerdagi “yangi hayot” va ikkinchi bosqich maktablari (1921— 29)da o’qigan. So’ngra Moskvadagi kinematografiya institutining stsenariy fakultetida 1 yil tahsil ko’rgan (1929— 30). O’qishni davom ettirmay, Qo’qondagi qisqa muddatli ta’lim va tarbiya kurslarida o’qituvchi, ilmiy bo’lim mudiri va shahar teatrida adabiy emakdosh bo’lib ishlagan (1930-33). Samarqanddagi Pedagogika akademiya (hozirgi SamDU)ning til va adabiyot fakultetida birmuncha muddat tahsil olishda davom etgan (1933-34). Keyin Toshkentga ko’chib kelib, “yosh leninchi” gazetada ishlagan (1934) va erkin ijod bilan mashg’ul bo’lgan. “Haqiqat qalami” ilk she’ri 1927 yil “Yangi yo’l” gazetada, fuqarolar urushi mavzuiga bag’ishlangan “Norbo’ta” nomli birinchi dostoni 1931 yil “Yangi Farg’ona” gazetada, “Quyosh bilan suhbat” va “safarbar satrlar” dastlabki she’riy to’plamlari esa 1932 yilda e’lon qilingan. Shundan keyin Usmon Nosirning “naxshon” (1934) dostoni, “Traktorobod” (1934), “yurak” (1935) va “mehrim” (1936) she’riy kitoblari nashr etilgan. Usmon Nosir 30-yillarning boshlarida o’zbek she’riyatiga chaqmoq o’laroq kirib keldi. Usmon ijodining dastlabki kezlaridanoq hayotda ro’y berayotgan muhim voqea va hodisalarni lirik qahramonning hissiyot va kechinmalari orqali ifodalashga, yangi tarixiy davr qahramonini topishga intildi. “Tojixon”, “Isroil” kabi she’rlarida yangi davr qahramoni obrazini mahorat bilan yaratdi. Usmon Nosir qisqa muddat ichida she’riyat san’atini mukammal egallab, go’zal lirik she’rlar yoza boshladi. Usmon Nosirning “Monolog”, “yurak”, “Yana she’rimga”, “Nil va Rim” singari she’rlari nafaqat uning, balki shu davr o’zbek she’riyatining eng yuksak namunalaridan bo’ldi. “Naxshon” dostoni esa shoirning liroepik janrlarda ham badiiy yuksak asarlar yaratishi mumkinligini namoyish etdi. Usmon Nosir qisqa ijodiy umri davomida dramaturgiya sohasida ham qalam tebratib, “Zafar” (1929), “Nazirjon xalilov” (1930), “dushman” (1931), “so’nggi kun” (1932) singari sahna asarlarini yozgan va bu asarlar Qo’qon shahar teatrida sahnallashtirilgan. Shoirning “Atlas” (1935) pyesasi o’z vaqtida havaskorlar teatri sahnasida qo’yilgan. Usmon Nosir ijodida tarjima, ayniqsa, muhim o’rinni egallaydi. A.S. Pushkinning “Boqchasaroy fontani” va M.Yu. Lermontovning “Demon” dostonlarini mohirlik bilan o’zbek tiliga tarjima qildi. 1937 yil boshlarida V. Kirshonning “ulug’ yo’l” dramasi Usmon Nosir tarjimasida Hamza teatrida sahnaga qo’yilgan. Usmon Nosir 1937 yil 13 iyulda “xalq dushmani” sifatida hibsga olinib, dastlab Magadan, so’ngra Kemerovo viloyatlaridagi qamoqxonalarga yuborilgan va o’sha yerda vafot etgan. Toshkent shahridagi Forobiy qabristonida va Kemerovo viloyati Suslovo qishlog’idagi mahbuslar qabristonida uning xotirasiga ramziy sag’ana barpo etilgan. Namangan, Qo’qon va Toshkentdagi bir necha ko’cha, maktab, texnikum va jamoa xo’jaliklariga Usmon Nosir nomi berilgan. Ad.: G’afurov I., Lirikaning yuragi, T., 1982; Karimov N., Usmon Nosir, T., 1993; Karimov N., Usmon Nosirning so’nggi kunlari, T., 1994; Rashidova N., Usmon Nosir, T., 2003.