Usmonova Yulduz

Usmonova Yulduz (1963.12.12, Marg’ilon shahri) — estrada xonandasi, O’zbekiston (1995), Qoraqalpog’iston (2000) xalq artisti. Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1988). O’zi tashkil etgan ansamblning yakkaxon xonandasi (1989 yildan). Dardli va shirali ovoz sohibi. Milliy estrada qo’shiqchiligiga katta hissa qo’shib kelmoqda. Usmonova ijodi xonandalik va aktyorlik san’atining omuxtaligi, jo’shqinlik, ko’tarinkilik, badiiy izlanuvchanlik, har bir qo’shiq talqinida musiqa va sahna vositalarining yorqinligi bilan ajralib turadi. Repertuaridan o’rin olgan aksariyat qo’shiqlarning (so’zi va musiqasi) muallifi. Xalq kuy-ohang andozalarini ijodiy qo’llash orqali vatanparvarlik ruhidagi jo’shqin monolog, Muhammad Yusuf va boshqalarning she’rlari asosida o’ziga xos da’vat qo’shiqlarni yaratdi (“hech kimga bermaymiz seni, O’zbekiston”, “O’zingdan qo’ymasin, xalqim”, “elim”, “O’zbegim”, “Xalq yashar” va boshqalar) Shuningdek, 20-asr o’zbek qo’shiqchiligi an’analarida lirik (“Nastarin”, “olov yonar yuragimda”, “qizil olma” va boshqalar), hajviy (“Nozanin, noziman”, “Buxorodan kuyov keldi” va boshqalar), lirik-dramatik (“Onaizor”, “g’iybat, bo’hton o’ldiradi”, “Shoh va gado”, “Otajon”, “Ollohim”, “Muhammad Yusufga” va boshqalar) qo’shiqlar, bir qator xorij va qardosh xalqlar estrada qo’shiqlari [jumladan, “Ya, Habib” (Arabcha), “dunyo” (turkcha), “Parvardigori” (tojikcha) va boshqalarning mahorat bilan ijro etgan. “Bolajon” kinofilmida bosh qahramon rolini o’ynagan, ko’pgina (“Temir erkak”, “olovdagi farishta”, “Tohir va Zuhra”, “Sarvinoz” va boshqalar) kinofilmlar uchun qo’shiqlar ijro etgan. Bir necha xalqaro estrada tanlovlari laureati (Yurmala, 1989; Olmaota, 1991 va boshqalar). “Sharq qo’shiqlari qirolichasi” unvoniga sazovor bo’lgan (2000, Turkiya). Ijrolari 3 gramplastinka va 20 dan ortiq kompakt diskga yozilgan. Yevropa, Osiyo, Amerika, Shim. Afrika mamlakatlarida gastrolda bo’lgan.