Ust-O’rda buryatlari muxtor okrugi
Ust-O’rda buryatlari muxtor okrugi — Rossiya Federatsiyasi Irkutsk viloyati tarkibidagi okrug. 1937 yil 26 sentabrda tashkil etilgan. Maydoni 22,4 ming km2. Aholisi 135,3 ming kishi (2002). Aholisining ko’pchilik qismi ruslar (56%) va buryatlar (36%), shuningdek, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Markazi — Ust-Ordinskiy shaharchasi. Tarkibida 6 ma’muriy tuman, 4 shaharcha bor. Muxtor okrug O’rta Sibir yassitog’ligining Janub qismida, Baykal qo’lining g’arbida, Lenaangara platosi doirasida joylashgan. O’rtacha balandligi 1000 metr. Yer yuzasi daryo vodiylari bilan o’yilgan. Foydali qazilmalari: toshko’mir (Irkutsk havzasining shimol chekkasi), gips (unga daryosi vodiysida) qurilish materiallari (ohaktosh, gil va boshqalar). Iqlimi keskin kontinental. Qishi kam qorli, sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -22°, iyulniki 17°. Yiliga 300 millimetrga yaqin yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 110-125 kun. Yirik daryolari — Angara va uning irmoqlari. Chekka shimol sharqida Lena havzasiga mansub daryolar bor. Hududining katta qismida chimlikarbonatli ishqorsizlangan va kuchsiz podzollashgan tuproqlar tarqalgan. O’simliklari o’rmonli dasht zonasiga xos. Keng bargli daraxtlardan qayin va tog’ terak uchraydi. O’rmonlarda har xil hayvonlar yashaydi (rosomaxa, tulki, kolonok, o’rmon sassiqko’zani, kemiruvchilardan tiyin, burunduk va boshqalar; qush turi ko’p). Xo’jaligida yetakchi tarmoklar: konchilik (ko’mir qazib olish), o’rmonchilik (“Baytog” o’rmonchilik xo’jaligi), yog’ochsozlik, oziq-ovqat (yog’va pishloq ishlab chiqarish) sanoatlari. Asosiy sanoat markazi — Ust-Ordinskiy shaharchasi. Okrug Baykalbo’yining asosiy qishloq xo’jalik rayonlaridan biri. Chorvachiligi go’shtsut va jun yetishtirishga ixtisoslashgan. Qo’y, cho’chqa, yilqi boqiladi. Bug’doy, suli, arpa, shuningdek, kartoshka, sabzavot ekiladi. Muxtor okrug Janubi g’arbidan Transsibir magistrali (30 kilometr) o’tgan. Angara daryosida kema qatnaydi. Avtomobil yo’li uzunligi 2194 kilometr (2002). Aeroport, pedagogika bilim yurti, o’lkashunoslik muzeyi bor. 1 sanatoriykurort muassasasi faoliyat ko’rsatadi.