USTRUSHONA

USTRUSHONA (tojikcha Istaravshan), — Tojikiston Respublikasi Sug’d viloyati O’ratepa tumanidagi shahar (2002 yilgacha O’ratepa shahri), tuman markazi. Turkiston tizmasining shimoliy etagida, 1000 metr balandlikda joylashgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Xovos (45 kilometr). Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 25°, yanvarniki -2°. Yillik yog’in 368 mm. Ustrushonadan viloyat markazi Xo’jand shahrigacha 73 kilometr. Shahar markazidan Dushanba—Xo’jand avtomagistrali (Shaxriston va Aizob dovonlari orqali) o’tadi. Aholisi 50,4 ming kishi (2001), asosan, tojiklar, shuningdek, o’zbek, rus, tatar, ukrain, qirg’iz, turkman, nemis, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. U. Tojikistonning qadimgi shaharlaridan biridir. Arxeologik ma’lumotlardan ma’lum bo’lishicha, shaharning bunyod etilishi miloddan avvalgi 6-asrga to’g’ri keladi. Ustrushona ilk o’rta asrlarda (5-9 asrlar) O’rta Osiyodagi Ustrushona tarixiy-geofafik viloyati tarkibiga kirgan. Ushbu viloyat Sirdaryoning so’l qirg’og’i bilan Sangzordaryo oralig’idagi hududni o’z ichiga olgan (hozirgi Tojikistonning shimoliy g’arbiy qismi va O’zbekistonning Jizzax, Sirdaryo viloyatlari). Ustrushonaning siyosiy tarixi tarixiy manbalarda kam yoritilgan. Miloddan avvalgi 6-asrning 30-yillarida qadimgi Ustrushona hududi Kir II tomonidan bosib olingan. Kir II o’z davlatining shimoliy Sharqiy chegaralarini mustahkamlash maqsadida Sirdaryoning so’l qirg’og’i bo’ylab 7 ta chegara qal’asi qurdirgan. Keyinchalik, miloddan avvalgi 4-asrda Aleksandr bu qal’alarni qiyinchilik bilan zabt etgan, ayniqsa, Kiropol qattiq qarshilik ko’rsatgan. Milodiy 5-asr oxiri — 7-asrda Ustrushona hududi eftaliylar va G’arbiy Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. Bu davrda u.ni mahalliy shohlar — Afshinlar idora qilgan. Arablar istilosi davrida Ustrushona mustaqilligini uzoq vaqt saqlab qolgan va faqat 822 yilga kelib uzil-kesil xalifalikka qo’shib olingan. 893 yilgacha Ustrushonani xalifalik vassallari bo’lgan afshinlar boshqarishni davom ettirganlar. 893 yildan Somoniylarga tobe bo’lgan. Ustrushona O’ratepa nomi bilan dastlab Boburning “Boburnoma” asarida (16-asr) tilga olingan. 18-asrda mustaqil hudud sifatida ma’lum edi. Keyinchalik, Buxoro amirligi va Qo’qon xonligi tasarrufida bo’lgan. 1886 yil shaharni podsho Rossiyasi qo’shinlari egallagan. Shahar qadimdan Buyuk ipak yo’lining chorrahasida joylashganligi bois hunarmandchilik va savdo markazi sifatida Shuhrat qozongan. Keyingi yillarda Ustrushonada jahon bozori tashkil etilgan. Ustrushonada sanoat korxonalari, meva va sabzavot konservalash, non, sut, g’isht zavodlari, trikotaj fabrikasi mavjud. Shuningdek, shaharda savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim, musiqa maktablari, pedagogika va hunar-texnika bilim yurtlari, kutubxona, klub, xalq teatri, tarixiy o’lkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. Mehmonxonalar, kasalxona, tug’ruqxona va poliklinikalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Ustrushona yog’och, metallga o’yib gul solish, sopolga gul solish va kashtachilikning qadimgi markazi. Shaharda me’moriy yodgorliklardan: Ko’kgumbaz (Abdullatif Sulton) masjidi va madrasasi (16-17-asrlar), Bobotag’o (15-asr oxiri), Abduqodir Jeloniy (Geloniy) (15-asr oxiri), sari mozor (16- asr), hamda Chorgumbaz (18-asr) maqbaralari va boshqalar; 19-20-asrlarda qurilgan sinchli naqshinkor binolar saqlangan. Ad.:Muxtorov A., Ocherk istorii uratyubinskogo vladeniya v 19v., Dushanbe, 1964;