Ustyurt

Ustyurt — O’zbekistonning shimoliy g’arbi (Qoraqalpog’iston) va Qozog’iston hududlaridagi plato. Sharqda Orol dengizi va Amudaryo deltasi, g’arbda Mang’ishloq yarim oroli va Qorabo’g’ozgo’l qo’ltig’i, shimolda Kaspiybo’yi pasttekisligi oralig’ida joylashgan. Maydoni 200 ming km2. O’rtacha balandligi 150-250 metr, eng baland joyi (370 metr) Janubi g’arbida. Ustyurtning atrofi 60-150 metrli tik jarlik (chink)lardan iborat. Chinklar har xil chuqurlikdagi jar va soylar bilan kesilgan. Ustyurtning shimol chinklari shimoli g’arbda O’likqo’ltiq sho’rligidan boshlanib, shimolda katta Bo’rsiq qumligiga borib taqaladi. Platoning baland Sharqiy chegarasi Orol dengizining avvalgi qirg’og’i va Amudaryo deltasidan, Janub chinklari Qoraqum cho’li va O’zboy o’zani, g’arbiy chinklari esa Qorabo’g’ozgo’l qo’ltig’ining g’arbiy sohili, Qorniyoriq botig’i, qaydak sho’rligi orqali o’tadi. Plato hududi geologik tuzilishi jihatidan epipaleozoy plitasining bir qismi hisoblanib, paleozoy, mezozoy va kaynozoy tog’ jinslaridan tashkil topgan. Yer yuzasiga yaqin qismi gorizontal yotgan sarmat ohaktoshlari, gillardan tuzilgan bo’lib, oralarida tuz va gips qatlamlari uchraydi. Ustyurtda kenglik bo’ylab yo’nalgan bir necha tektonik strukturalar mavjud. Ustyurtning shimol qismida shimoliy Ustyurt ko’tarilmasi, Janubda Ustyurt bukilmasi (unda Qo’shbuloq, Osmontaymatay, Sam va boshqa sho’rxoklar) joylashgan. Bu bukilma shimoliy Ustyurt ko’tarilmasini Qassarma ko’tarilmasidan ajratib turadi. Qassarma ko’tarilmasi janda borsa-kelmas botig’i bor. Undan Janubda Markaziy Ustyurt ko’tarilmasi, yana Janubroqda Asakaovdon cho’kmasi joylashgan. Ustyurt yuzasi supasimon tekislik bo’lib, unda bir qancha qirlar: Muzbel, Qorabovur, Oqtumshuq, Qulandi va boshqalar, Borsakelmas, Qorasho’r, Asakaovdon kabi cho’kma va botiklar mavjud. Janub qismiga Qoplonqir va Sariqamish botig’i kirib borgan. Uning shimol qismida Sam, Matayqum, Uchtag’an qumliklari va bir qancha sho’rxoklar (Qo’shbuloq, Osmontaymatay, Sam va boshqalar) hamda taqirlar mavjud. Ustyurtda karst va karstsuffozion relef shakllari (karst voronkalar, botiklar, g’orlar) vujudga kelgan. Iklimi keskin kontinental. Qishi O’zbekistonda eng sovuq, yozi juda issiq, uzoq davom etadi. Iyul oyida o’rtacha temperatura 25°-28°, eng yuqori temperatura 46°. Qishda Ustyurtning g’arbiy qismi bilan Sharqiy qismi o’rtasida tra farqi katta: eng past temperatura g’arbda -20°, sharqida -40° gacha pasayadi. Yillik yog’in 112-121 mm, eng ko’p yog’in (34%) bahor oylarida tushadi. Ustyurtda doimiy oqar suvlar yo’q. Bahor oylarida botiklar, sho’rxoklar, taqirlarda suv yig’ilib, vaqtinchalik ko’llar qosil bo’ladi, yozda ular qurib qoladi. Faqat platoning Janubdagi Sariqamish botig’ida va ba’zi bir g’orlar ichida doimiy ko’llar bor. Yer osti suvlariga nisbatan boy. Yer osti suv qatlamlari sarmat va paleozoy yotqiziqlarida (20-50 metr chuqurliklarda) uchratiladi, ularning aksariyati sho’r. Ustyurtning katta qismida surqo’ng’ir, botiqlar, sho’rxoklarda sho’rxok, taqirsho’rxok, qumliklarda qumli tuproqlar uchraydi. O’simlik qoplami siyrak, asosan, shuvoq va sho’ralar o’sadi. Bulardan tashqari, qirqbo’g’in, kovrak, qora saksovul, biyurg’un, tetir, sarsazan, Iloq va boshqalar bor. Bahorda efemer, efemeroidlar o’sadi. Hayvonot dunyosi cho’lga xos bo’lib, jayran, sayg’oq, bo’ri, tulki, yumronqoziq, qoplon, Ustyurt qo’yi, olako’zan, hind asalxo’ri, qo’shoyoq, qumsichqon, turli ilonlar, qushlardan to’rg’ay, qora qarg’a, xo’jasavdogar, quzg’un va boshqalar yashaydi. Hasharotlardan termit ko’p. Noyob va “qizil kitob”larga kiritilgan hayvon va o’simlik turlarini muhofaza qilish va o’rganish maqsadida Ustyurt qo’riqxonasi (Qozog’iston hududida) tashkil etilgan. Ustyurt hududi, asosan, yaylov sifatida foydalaniladi. Bu yerda neft, gaz va yer osti suvlarining katta zaxiralari aniqlangan. Murod Mamatqulov.