Utbiy, Abu Muhammad ibn Abduljabbor alutbiy

Utbiy, Abu Muhammad ibn Abduljabbor alutbiy (961, Ray — taxminan 1036, G’azna) — tarixchi olim. Badavlat va nufuzli zodagon oilasida tug’ilgan. Yoshligidan Xurosonda yashagan. Somoniylarning Xurosondagi noibi Abu Ali Simjuriy, so’ngra Xurosonda surgunlikda yashagan Ziyoriylar hukmdori Qobus ibn Vushmagirning shaxsiy kotibi (sarkotibi), G’aznaviylar (Sabuktegin, Mahmud G’aznaviy, Mas’ud G’aznaviy) saroyida yirik amaldor. Utbiy Sulton Mahmud G’aznaviyning elchisi sifatida Garchiston viloyatiga borgan (999) va Bodhizning Sharqiy qismidagi ganj Rustak viloyatida sohib barid bo’lib turgan. Saolibiyning yozishicha, Utbiy Arab tilida “tarixi Yaminiy” (“Yaminiy tarixi”), “Latoif alkuttob” (“kotiblarning latif so’zlari”) va boshqa tarixiy asarlar yozib qoldirgan. “Tarixi Yaminiy” asari Sabuktegin va Mahmud G’aznaviy davrida G’aznaviylar davlati tarkibiga kirgan Xuroson, Xorazm va qisman Movarounnahrning 975—1021 yillardagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’z ichiga olgan. Mazkur asar “Yamin uddavla” (“Davlatning o’ng qo’li”) unvoniga sazovor bo’lgan Sulton Mahmud G’aznaviyga bag’ishlanganligi uchun ham “tarixi Yaminiy” deb atalgan. Asarda Qoraxoniylarning Movarounnahrga hujumi (922-996) haqida nodir ma’lumotlar mavjud. Bu asar o’rta asrlar tarixshunosligiga xos og’ir uslub — saj’ bilan yozilgan. “Tarii Yaminiy”ning Arabcha matni Dexli (1847), buloq (1874) va Lohur (1883) da chop etilgan. Bu asarning forscha tarjimasi Tehronda 3 marta nashr etilgan (1856, 1955, 1966). Inglizcha tarjimasi ham bosilgan (London, 1858). Undan ayrim parchalar frantsuz, nemis, rus, o’zbek tillarida nashr qilingan. Manba: Saolibiy, Yatimatuddahr [4jild T., 1976. Ad.: Materiali po istorii Sredney i Tsentralnoy Azii X — XIX vv. T., 1988; Axmedov B. A., O’zbekiston xalqlari tarixi manbalari, T., 1991.