Uychi tumani
Uychi tumani – Namangan viloyatidagi tuman. 1935 yil 28 iyulda tashkil etilgan (1962 yilda Yangiqo’rg’on tumaniga qo’shib yuborilgan, 1967 yilda qayta tuzilgan). Viloyatning Sharqiy qismida joylashgan. Janubdan Norin, shimoldan Chortoq tumanlari, shimoli Sharqda Qirg’iziston Respublikasi, sharqda Uchqo’rg’on, G’arb va Janubi g’arbda Namangan tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 312 km2. Aholisi 172 ming kishi (2004). Tumanda 2 shaharcha (Uychi va O’nhayot), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Do’stlik, Yorkatay, Yorqo’rg’on, Jiydakapa, Mashad, Uychi, Qizilravot, G’ayrat) bor. Markazi — Uychi shaharchasi. Tabiati. Relefi, asosan, tekislik. Shimoliy Sharqiy qismi adirlardan iborat. Iqlimi kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 2,3°, eng past temperatura — 26°. Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 26,3°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yog’in 188 mm, vegetatsiya davri 280-290 kun. Tuman hududidan Norin daryosi, shimoliy Farg’ona va katta Namangan kanallari oqib o’tadi. Tuproqlari, asosan, och tusli bo’z va Allyuvial tuproqlar. Yovvoyi o’simliklardan qamish, ajriq, pechak, sho’ra, adirlarda shuvoq o’sadi. Qushlardan qaldirg’och, bulbul, bedana, g’urrak, qarg’a, sassiqpopishak; sudraluvchilardan kaltakesak, toshbaqa, ilon, kemiruvchilardan yumronqoziq, kalamush, sichqon va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar; qisman, tojik, rus, tatar, qirg’iz va boshqa millat vakillari yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2ga 555 kishi. Xo’jaligining asosiy tarmog’i qishloq xo’jaligidir. Paxtachilik, g’allachilik yetakchi o’rinda. Sanoat korxonalaridan “Ipakchi”, “yigiruvto’quv”, “Noto’qima mato” korxonalari, paxta tozalash zavodi, “AlJahon” O’zbekiston— Xitoy choy qadoqlash qo’shma korxonasi mavjud. 900 dan ziyod kichik korxona bor. Tumanda irrigasiya o’rmon xo’jaligi, davlat o’rmon xo’jaligi, bog’dorchilik, tokchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti filiali, ko’chat yetishtirish xo’jaligi mavjud. Tuman hududidagi 256 kilometr yo’ldan 78 kilometr viloyat va respublika ahamiyatiga ega bo’lgan transport yo’llaridir. Toshkent—Andijon temir yo’l ham tuman hududidan o’tgan. Tumanda 13 shirkat, 203 fermer, 1 tajriba xo’jaligi, burdoqichilik bazasi, parrandachilik fabrikasi fermasi, viloyat naslchilik korxonasi faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 20,7 ming gektar, ekinzorlar 14,9 ming gektar, shu jumladan, 8,1 ming gektar yerga paxta, 5,5 ming gektar yerga g’alla, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz hamda turli xil ekinlar ekiladi. Tuman jamoa va xususiy xo’jaliklarvda qoramol, qo’y, parranda boqiladi. 46 umumiy ta’lim maktabi, 1 Maxsus maktab-internatda 42,4 ming o’quvchi, 4 kasb hunar kollejida 2,6 ming talaba ta’lim oladi. 34 jamoat kutubxonasi, 46 maktab kutubxonasi, 4 kasb-hunar kollejlari kutubxonasi bo’lib, ularda 545,5 ming kitob bor. Madaniyat saroyi, 14 qishloq madaniyat uyi, Xalq muzeyi, 6 Xotira va kadrlash uyi, 1 madaniyat va istirohat bog’i mavjud. Tumanda sportning 14 turi bo’yicha mashg’ulotlar olib boriladi. Sport majmuasi, “sog’lom avlod” sport markazi, bir qancha stadion, sport maydonchalari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, 4 qishloq uchastka kasalxonasi, 13 qishloq vrachlik punkti, bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi, sil kasalligiga qarshi dispanseri, 4 vrachlik ambulatoriyasi ishlab turibdi. Statsionarda o’rinlar soni 910. Ularda 262 vrach, 1436 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Har 10 ming aholiga 15,4 vrach to’g’ri keladi. Tuman hududida qadimgi Devonabobo ziyoratgohi joylashgan. 1935 yil 20 martdan “Uychinoma” tuman gazetasi chiqadi. Murodilla Haydarov, Hamidullo Mirzaahmedov. Uychi tumani maxsus internat maktabi binosi.