Uzumchilik

Uzumchilik — 1) bog’dorchilikning tok o’stirish va uzum yetishtirish bilan shug’ullanadigan tarmog’i. Uzumchilik aholini yangi uzum, mayiz bilan, vinochilik, konserva sanoatlarini xom ashyo bilan ta’minlaydi. Uzumchilikning 4 ta asosiy yo’nalishi: xo’raki uzum yetishtirish, mayiz quritish, texnik maqsadlarda uzum etishtirish (konserva mahsulotlari, sharbatlar, kontsentratlar tayyorlash), vinochilik (xom ashyo tayyorlash) sohalari mavjud. Uzumchilik bog’dorchilikning eng ko’hna tarmoqlaridan biri bo’lib, hozirgi davrda ham ko’pgina mamlakatlarning xalq xo’jaligida salmoqli o’rinni egallaydi. Jahonda 84 mamlakatda uzum yetishtiriladi. Tokzorlar maydoni bo’yicha eng oldingi o’rinlarda Ispaniya (1 million 200 ming gektar), Italiya (871 ming gektar), Frantsiya (870 ming gektar), Turkiya (560 ming gektar), Portugaliya (252 ming gektar), AQSh (Kaliforniya shtati, 357 ming gektar), Ruminiya (250 ming gektar), Eron (260 ming gektar), Xitoy (243 ming gektar), MDH mamlakatlari ichida Moldova (154 ming gektar) turadi. Jahon bo’yicha tokzorlar maydoni 7,4 million gektar, o’rtacha hosildorlik 81,7 ts/ga. 1999 yilda 60,7 million tonnadan ko’proq uzum yetishtirildi, 29,9 million tonna vino, 1,3 million tonna mayiz tayyorlandi. Eng ko’p mayiz AQSh, Eron, Turkiyada tayyorlandi. O’rta Osiyo, xususan, O’zbekistonda Uzumchilik uzoq tarixga ega. Miloddan avvalgi 4-asrlarda ham tok ekilgani ma’lum. Uzoq yillar davomida O’rta Osiyo xalq selektsiyasida juda qimmatli xo’jalik belgilariga ega bo’lgan yuzlab navlar yaratilgan. O’rta Osiyoning deyarli barcha dehqonlik mintaqalarida, ayniqsa, Farg’ona va Zarafshon vodiylarida, Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo vohalarida ko’p ekilgan. Lekin mo’g’ullar istilosi davrida bog’dorchilik tanazzulga yuz tutgan. Uzumchilik faqat 15-asrga kelib qayta rivojlana boshladi. O’zbekistonda Uzumchilikning rivojlanishida Rossiya bog’dorchilik jamiyatining Turkiston bo’limi muhim rol o’ynadi. Bo’lim uzumning mahalliy sharoitga mos keladigan eng yaxshi navlarini o’rganib tavsiya etish, tegishli navlarni boshqa mintaqalar (Qrim, Moldova, Zakavkaze) dan olib kelish ishlarini tashkil qildi. Keyinchalik shu bo’lim asosida Turkiston uzumchilik va vinochilik qo’mitasi tashkil etildi. Qo’mita uzumchilik va vinochilikni ilmiy asosda rivojlantirish (kasalliklarga, zararkunandalarga qarshi kurash), uning agrotexnika usullarini ishlab chiqish bilan shug’ullandi. 20-asr boshlarida O’zbekiston hududida 30,6 ming gektar tokzor bor edi. 20-yillarning 2-yarmidan ixtisoslashtirilgan bog’dorchilik va uzumchilik davlat xo’jaliklari tashkil etila boshladi, tog va tog’ etaklari mintaqalarida ham bu tarmoqqa jiddiy e’tibor beriladigan bo’ldi. 50-yillar oxiri — 60-yillardan 2500-3000 gektar bog’ va tokzorlarga ega bo’lgan agrokombinatlar tashkil etildi. Uzumchilik sohasidagi ilmiy tadqiqot va amaliyot ishlari 1948 yilda tashkil etilgan hozirgi Bog’dorchshshk, uzumchilik va vinochilik institutida olib borildi va Uzumchilikning nazariy va amaliy masalalari, kishmish navlarining hosildorligi hamda g’ujum ko’rinishi sifatini oshirishda o’stiruvchi moddalar ta’siri (masalan, gibberellin) o’rganildi, tog’ va tog’oldi shag’alli yerlarda, Mirzacho’l va Farg’ona vodiysida uzumzorlar barpo qilish uslubi ishlab chiqildi. Institutning Samarqand filialida 100 gektar maydonda uzumning 105 navi o’stiriladigan tajriba maydoni tashkil qilindi, O’zbekistonda ekiladigan toklarning botanik kollektsiyasi yaratildi. Bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutida hamda uning viloyatlardagi filiallarida, Butunittifoq o’simlikshunoslik inti O’rta Osiyo filialida uzumning O’zbekiston muskati, g’alaba, oktyabr, VIR1, Xishrov kishmishi, Samarkand kishmishi, Jo’rauzum, Tarnoe, Rizamat va o’nlab navlari yaratildi. Bu ishlarda akademik M. Mirzaev, A. M. Negrul, M. S. Juravel, A. V. Ribakov, V. I. Gorbach, Yu. M. Javakyans va boshqa uzumshunos olimlarning, R. Musamuhamedov kabi xalq selektsionerlarining hissasi katta bo’ldi. Hozirgi O’zbekiston Uzumchilikda 120 ming gektar tokzor mavjud. Uning 70% dan ko’prog’i Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm, Buxoro viloyatlarida joylashgan. Hosil beradiganlari 98,8 ming gektar, o’rtacha hosildorligi 63,1 ts/g (2003). Respublikada Uzumchilik maydonlarini kengaytirish, hosildorligini oshirish, jahon bozori talablariga mos mahsulotlar yetishtirishga e’tibor berilmoqda. Uzumchilik yo’nalishida juda ko’p fermer xo’jaliklari faoliyat ko’rsatadi. Bu yo’nalishda “O’zmevasabzavotuzumsanoat” xolding kompaniyasi, “mevasabzavot” uyushmasi kabi soha tashkilotlari katta ishlarni amalga oshirmoqdalar. 2) tokning biologik xususiyatlari va o’stirish usullarini o’rganadigan fan (o’simlikshunoslikning bo’limi). Toshkent viloyati. Parkent tumanidagi Zarkent shirkat xo’jaligi uzumzorlari. Umumiy va xususiy Uzumchilikka bo’linadi. Umumiy Uzumchilik — tok biologiyasi, ekologiyasi, agrotexnikasini o’rganadi; xususiy Uzumchilik — turli tuproqiqlim sharoitida, ishlab chiqarish yo’nalishiga qarab, tok agrotexnikasini ishlab chiqadi; ampelografiya, tok selektsiyasi bo’limlaridan iborat. Ad.: Ribakov A. A., Gorbach V. I. va boshqalar, O’zbekiston uzumchiligi, T., 1969; Djavakyans Yu. M., Gorbach V. I., Vinograd Uzbekistana, T., 2001.