Uzun Hasan, asl ismi Hasanbek
Uzun Hasan, asl ismi Hasanbek (taxminan 1423-1478.5.1) — oq qo’yunli davlati hukmdori (1453 yildan), sarkarda. Qoraqo’yunli davlatini tor-mor keltirib (1467), Tabriz shahrini poytaxt qilgan (1468 yildan). Ko’chmanchi turk zodagonlari separatizmiga qarshi kurash olib borgan. Uning davrida ko’priklar, bozorlar, madrasalar, sug’orish kanallari bunyod etilgan. Mulkchilik munosabatlari uchun Uzun Hasandan keyin ham norma bo’lib qolgan “Qonunnoma” chiqargan. Usmonli turk imperiyasiga qarshi kurash olib borgan. Bunda u Venetsiya bilan ittifoq tuzgan (1463); Vengriya, Polsha va boshqa Yevropa davlatlari bilan ittifoq bo’lish haqida muzokaralar olib borgan. Shirvonshohlar bilan birgalikda temuriy Abu Saydak mag’lubiyatga uchratgan (1469). 1473 yil Uzun Hasan dastlab turk sultoni Mehmed II ni yenggan, biroq keyinchalik u tomonidan tormor keltirilgan. Uning saroyida bo’lgan venetsiyalik elchilar Katarino Zeno, Iosafat Barbaro, Ambrodjo Kontarinilar Uzun Hasan davrvdagi Oq qo’yunlilar davlati haqida qimmatli yozma ma’lumotlar qoldirishgan.