Uzunqir

Uzunqir — shahar xarobasi. Zarafshon tizmasidan bosh olgan Sho’robsoy bo’yida (kitob tumani) joylashgan. 1981 yilda ToshDU O’rta Osiyo arxeologiya kafedrasi ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan topib tekshirilgan. Uzunqir o’rnida miloddan avvalgi 8-7-asrlarda qadimgi manzilgoh bo’lgan. Miloddan avvalgi 7-6-asrlarda 70 gektar maydonni egallagan. Uzunqir Kitob— Shahrisabz vohasining iqtisodiy va ma’muriy markaziga aylangan. Uzunqir dan Taxtaqoracha dovoni orqali qadimgi Samarqand (Marokanda)gacha bo’lgan masofa 70 kilometrni tashkil qilgan. Shahar Marokanda—Baqtra karvon yo’li bo’yida joylashib muhim savdo-sotiq va hunarmandchilik ahamiyatiga ega bo’lgan. Uzunqir ichki qal’a va shahar hududidan iborat. Yodgorlikning Janubiy g’arbiy tomonida uzunligi 450 metr mudofaa devorining xarobalari saqlanib qolgan. Devor ham g’ishtdan qurilgan to’g’ri burchakli burjlarga, burjli xonalarga va jangovar shinaklarga ega. Uzunqir — O’zbekiston hududida ilk shaharsozlik tuzilmasining shakllanishi namunasi. Uning yirik o’troq dehqonchilik vohasining markazi sifatida qo’rg’onqarorgohi, guzarlari bo’lgan. Uzunqir topilmalari — sopol idishlar, jezdan va temirdan ishlangan mehnat va harbiy qurollari shaharda hunarmandchilik kasbi yuqori darajada taraqqiy etganligidan dalolat beradi. Sho’robsoy vohasidan topilgan madaniy o’simliklar (arpa, bug’doy), turli uzum navlari urug’lari bu yerda dehqonchilik va bog’dorchilikning taraqqiy etganligidan dalolatdir. Bu davrda kanal, arikdar, qazish, daryolardan suv chiqarish, yangi ekin maydonlarini o’zlashtirish va sugorish ishlari keng yo’lga qo’yilgan. Dehqonlar atrofi devor bilan o’ralgan qo’rg’onli uylarda va qishloqlarda yashashgan. Arxeologlar Kitob Shahrisabz vohasiga, umuman Qashqadaryo viloyatining tog’oldi Sharqiy qismiga “Avesto”da keltirilgan Gava, Gau, Gava Sug’dda (sug’diylar yashaydigan makon, “Sug’d makoni”) tushunchasi tegishli bo’lganligini taxmin qiladilar. Ushbu so’zning o’zi Qashqadaryoning Sharqiy qismidagi ko’pgina zamonaviy atamalarda saqlanib qolgan. Miloddan avvalgi 7-6-asrlarda Gava Sug’di viloyati Navtaka deb atalgan. Navtaka viloyati Zarafshon tizmasidan boshlanib O’radaryo vohasigacha bo’lgan yerlarni o’z ichiga olgan. Viloyat markazi. Uzunqir qal’asi bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-2-asrlarda viloyat markazi Uzunqir dan Kitob shahri o’rnida asos solingan yangi shaharga ko’chadi. Yozma manbalarda Suse deb atalgan bu nom “Sug’da”, “Sug’ud”, ya’ni Sug’diyona tushunchalaridan kelib chiqqan.