Vakillik

Vakillik — bir shaxsning boshqa shaxs nomidan yuridik harakatlarni amalga oshirishi. Vakillik asosan bir shaxs (vakil)ning vakolat bo’yicha tuzgan bitimi; vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, o’zgartiradi va bekor qiladi. Mazkur vakolat ishonchnoma, qonun, sud qarori yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan bo’lishi kerak. Fuqarolar fuqarolarga, yuridik shaxslarga Vakillik qilishlari mumkin. Yuridik shaxs faqat o’z ustavida ko’zda tutilgan hollardagina yoki faoliyat xarakteriga muvofiq bo’lgandagina fuqarolar yoki yuridik shaxslarning vakili bo’lishi, muomalaga layoqatli shaxslar o’zlari tanlagan vakillar orqali bitim tuzishlari mumkin. Bitim o’z xarakteriga ko’ra faqat shaxsan tuzilishi mumkin bo’lgan hollar, shuningdek qonunda ko’rsatilgan hollar bundan mustasno. Muomalaga layoqatsiz fuqarolar nomidan bitimni ularning ota-onalari, farzandlikka oluvchilari va vasiylari tuzadi (O’zR FK, 129-131-moddalar).