Vaktsina va zardoblar instituti, Toshkent vaktsina va zardoblar ilmiy tadqiqot instituti
Vaktsina va zardoblar instituti, Toshkent vaktsina va zardoblar ilmiy tadqiqot instituti (Toshvziti) — “O’zfarmsanoat” davlat aktsionerlik kontserniga qarashli muassasa. Dastlab 1918 yilda mikrobiologiya laboratoriya sifatida tashkil etilgan; 1920 yil O’lka bakteriologiya institutiga aylantirilgan, 1950 yildan boshlab hozirgi nomi bilan ataladi. Institut tarkibidan ajralib chiqqan (1929 yildan) bo’lim va laboratoriyalar negizida O’zbekiston epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti, Samarqand parazitologiya instituti. Respublika o’latga qarshi stansiyasi, Respublika brusellyozga qarshi stansiyasi, Toshkent davlat tibbiyot instituti va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining mikrobiologiya kafedralari tashkil topdi. Institut yangi vaktsinalar topish va mavjudlarini mukammallashtirish, davolash uchun ishlatiladigan zardoblar olishning yangi zamonaviy usullarini ishlab chiqish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, davolash va diagnostikasiga tegishli preparatlarni standartlash muammolari bo’yicha ish olib boradi. O’zbekiston aholisini emlashning millim dasturini amalga oshiradi. Respublikaga nihoyatda zarur bo’lgan vaktsina va zardoblar (sil, ko’kyo’tal, bo’g’ma, qoqshol, ich terlama, gepatit V kasalliklariga qarshi) ishlab chiqarish qaytadan tiklanmoqda, tibbiyot va veterinariyaga oid yangi biopreparatlar ustida ilmiy izlanishlar olib borilmokda. Keyingi yillarda institut olimlari immunitetni korrektsiyalovchi “immunomodulin” Preparati (professor F. Yu. G’arib), sil kasalligiga qarshi immunitetni aniqlashda qo’llaniladigan “tuberkulin” (T. A. O’sarova) hamda o’lkamizga xos allergenlar (S. A. Zaxvatkina) tayyorlash va amaliyotda qo’llashga muvaffaq bo’ldi. Institutda 60 ilmiy xodim (jumladan 4 fan Doktori va 12 fan nomzodi) bor (2001).