Vakuum nasosi

Vakuum nasosi – vakuum hosil qilish va uni tutib turish maqsadida berk hajm (idish)dan gaz (havo) yoki bug’ni so’rib oladigan qurilma. Gaz (havo)ni tashqariga chiqarib tashlaydigan oqimli hamda gaz (havo)ni yutadigan sorbtsion xillari bo’ladi. Oqma Vakuum nasosi o’z navbatida mexanik va oqimli xillarga bo’linadi. Mexanik Vakuum nasosiga plastinka-rotorli, plastinka-statorli, zolotnikli, moyli forvakuumlar va molekulyar Vakuum nasosi kiradi. Moyli forvakuumlar yordamida gaz (havo) qisiladi va atmosferaga chiqarib yuboriladi. Molekulyar Vakuum nasosida. gaz molekulalariga harakat yo’nalishida qo’shimcha tezlik beriladi. Oqimli Vakuum nasosida gaz (havo) suyuqlik, gaz yoki bug’ oqimi ta’sirida chiqib ketadi. Sorbtsion Vakuum nasosi kriogen (past temperaturali) tseolitli, sublimasion va ionli Vakuum nasosiga bo’linadi. Kriogen Vakuum nasosida juda past temperaturagacha sovitilgan gaz sirtda to’planadi. Tseolitli Vakuum nasosida gaz molekulalari sovitilganda tseolitga yutiladi. Sublimasion Vakuum nasosida gaz (changlangan) metall (masalan, titan) plyonkalari qoplangan sirtlarga yutiladi. Ionli Vakuum nasosining ishi gazni kuchli elektr razryadi bilan ionlash va ionlashgan molekulalarning titan qoplangan sirtga yutilishiga asoslangan. Vakuum nasosi metallurgiya, energetika, elektronika, kimyo va oziq-ovqat sanoatlarida qo’llaniladi.